14:46 / 05.02.2018
14969

Yanvarda tovar va xizmatlar o‘rtacha 2,7 foizga qimmatlashdi

Foto: KUN.UZ

2018 yilning birinchi oyi davomida iste'mol bozorida tovar va xizmatlar o‘rtacha 2,7%ga oshdi, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 3,5%ga, nooziq-ovqat mahsulotlari 2,3%ga va xizmatlar 1,4%ga qimmatlashgan. Bundan Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlari darak bermoqda.

Ma'lumot uchun: 2017 yilning yanvar oyida tovar va xizmatlarning iste'mol narxlari 0,8%ga, shulardan oziq-ovqat mahsulotlari 1,2%ga, nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar 0,6%ga oshgan.

2018 yilning yanvar oyida asosiy inflyatsion omil sifatida oziq-ovqat tovarlari narxlarining ko‘tarilishi sabab bo‘ldi.

Manba: Davlat statistika qo‘mitasi

Ma'lumot uchun: 2017 yilning yanvar oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining ko‘tarilishi umumiy INI o‘sishida 62,8%, nooziq-ovqat mahsulotlari 22,0%, xizmatlar 15,2% ni tashkil etgan.

Yuqorida ta'kidlanganidek, oziq-ovqat mahsulotlari oy davomida o‘rtacha 3,5%ga qimmatlashib, bu esa umumiy INIning umumiy o‘sishiga 1,6 f.d. (foiz darajasi)da ta'sir ko‘rsatdi.

Manba: Davlat statistika qo‘mitasi

Oy davomida guruch 7,5%, sut 5,4%, tirik va muzlatilgan baliq 4,8%, sariyog‘ 4,4%, tuxum 4,2%, qaymoq 3,7%, manniy yormasi 2,7%, loviya 2,5%, mol va qo‘y go‘shti 2,2%, tvorog 2,1%, qandolat mahsulotlari o‘rtacha 1,8%, bug‘doy uni 1,4% va o‘simlik yog‘i narxlari 1,0%ga oshgan.

Meva-sabzavot mahsulotlari narxlarining qimmatlashishi asosan odatiy hisoblangan mavsumiy omillar natijasida ro‘y berdi: olma va noklar 12,8%, pomidor 10,4%, piyoz 8,7%, oshqovoq 8,6%, bodring 6,2%, kartoshka 4,5%, yong‘oq 3,3%, lavlagi narxlari 1,4%ga qimmatlashdi. Asosiy turdagi meva va sabzavotlar narxining oshishi barobarida sabzi 4,0%ga va karam mahsuloti narxlari 0,2%ga arzonlashgan.

Boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari orasida birmuncha barqaror holat kuzatilgan bo‘lib, bular orasida shakar va parranda go‘shti mahsulotlari narxlari pasayganligi ham qayd etilgan (1,0% hamda 0,8% ga).

Spirtli ichimliklar narxlarining oshishi 2018 yil 1 yanvardan e'tiboran mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlariga nisbatan yangi aksiz soliqlarining joriy etilishi hamda Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining minimal ulgurji va chakana sotish narxlarining qayta belgilanishi bilan bog‘liqdir.

2018 yilning yanvar oyida respublika viloyatlarida ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining o‘rtacha narxlari orasidagi farq saqlanib qoldi.

Manba: Davlat statistika qo‘mitasi

Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari oy davomida 2,3%ga ko‘tarilib, umumiy INIning o‘sishiga 0,8 f.d.da o‘z ta'sirini o‘tkazdi.

Joriy yilning yanvar oyidan boshlab avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalaridagi propan hamda metan gazlarining sotish narxlari 10,2% va 11,2%ga qimmatlashib, umumiy INI o‘sishiga 0,1 f.d.da ta'sir ko‘rsatdi.

Poligrafiya mahsulotlarining o‘rtacha 13,9%ga ko‘tarilishi respublikada chop etilayotgan bosma nashrlar narxlarining qimmatlashishi bilan o‘zaro bog‘liqdir (ro‘znoma, jurnal va kitoblar).

Respublikada ishlab chiqarilayotgan tamaki mahsulotlariga bo‘lgan aktsiz soliqlarining ko‘tarilishi iste'mol bozoridagi sigaret va tamaki mahsulotlarining 8,8%ga qimmatlashishiga sabab bo‘ldi.

Yuqorida nomi qayd etilgan mahsulotlarning narxlari ko‘tarilmaganida umumiy inflyatsiya darajasi 0,2 f.d.da pastroq ko‘rsatkichni tashkil etgan bo‘lar edi.

Manba: Davlat statistika qo‘mitasi

Aholi uchun xizmatlar oy davomida o‘rtacha 1,4%ga ko‘tarildi. Bu esa INI umumiy o‘sishiga 0,3 f.d.da ta'sir etdi.

Mamlakatning ayrim hududlaridagi maktabgacha ta'lim muassasalari xizmatlari uchun yangi to‘lovlarining joriy etilishi umumiy o‘sish sur'atiga 0,1 f.d.da ta'sir ko‘rsatdi (Buxoro, Navoiy va Farg‘ona viloyatlaridagi narxlarning pasayganligini hisobga olgan holda, respublika bo‘yicha o‘sish sur'ati o‘rtacha 11,9%ni tashkil etdi).

Manba: Davlat statistika qo‘mitasi
Mavzuga oid
Top