15:31 / 06.02.2018
9637

Birjalarda kliring operatsiyalarini o‘tkazish qoidalari tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining 17.01.2018 yildagi «Birja va ko‘rgazma-yarmarka savdolarini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 33-son qarori qabul qilindi.

Norma.uz’ning yozishicha, hujjat bilan birja va ko‘rgazma-yarmarka savdolarida sotiladigan tovarlarning toifalari belgilandi.

Birjalardagi o‘zaro hisob-kitoblar – tasdiqlangan qoidalar bo‘yicha

Qaror bilan Tovar-xom ashyo birjalarida hisob-kitob-kliring operatsiyalarini o‘tkazish qoidalari tasdiqlandi. Unda quyidagilar belgilangan:

• kliring ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari;
• hisobvaraqlarni yuritish va kliring o‘tkazish tartibi;
• tuzilgan birja bitimlari bajarilishini ta'minlash tartibi;
• kliring xizmati ko‘rsatishni to‘xtatish.

Hujjat bilan birja savdosida qo‘llaniladigan ayrim tushunchalarga ta'rif ham berilgan. Masalan, kliring – birja a'zolari va ularning mijozlarining o‘zaro majburiyatlarini belgilash, aniqlashtirish va hisobga olishga doir operatsiyalar majmuasi, shuningdek, ular o‘rtasida amalga oshiriladigan o‘zaro hisob-kitoblar. Ushbu operatsiyalar o‘tkazilishini hisob-kitob-kliring palatasi kliring elektron tizimi orqali ta'minlaydi. HKKP – yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan birjaning tarkibiy bo‘linmasi.

Kim kliring ishtirokchisi bo‘lishi mumkin

Ular yuridik shaxs bo‘lgan birja a'zolari va/yoki ularning mijozlari, shu jumladan xorijiy, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar (birja savdolarida xaridorlar sifatida) bo‘lishi mumkin.
 
Ma'lumot uchun: birja a'zolari – birja tomonidan belgilangan tartibda birja savdolarida ishtirok etish va birja bitimlari tuzish huquqini olgan yuridik shaxslar (dilerlar, market-meykerlar, brokerlar). Birja a'zolari birja savdolarida ular nomidan birja bitimlari tuzish vakolatini olgan o‘z xodimlari (treyderlar) orqali ishtirok etadilar.

Kliring ishtirokchisi bo‘lish uchun HKKPda ro‘yxatdan o‘tish zarur. Birja a'zosi yoki uning mijoziga foydalanuvchining shaxsiy raqami (FShR) beriladi hamda amalga oshiriladigan bitimlar bo‘yicha majburiyatlarni va talab huquqini hisobga olish uchun zarur bo‘lgan tegishli shaxsiy hisobvaraq ochiladi.

Ro‘yxatga olingandan keyin kliring ishtirokchilari birja savdolarida ishtirok etish va o‘z majburiyatlarini bajarish uchun HKKP ikkilamchi hisobvarag‘iga pul mablag‘larini o‘tkazadilar. HKKP ikkilamchi hisobvarag‘i birjaga xizmat ko‘rsatuvchi bankda ochiladi.  

HKKP va kliring ishtirokchilarining o‘zaro hamkorligi – shartnoma bo‘yicha

HKKP kliring ishtirokchilari bilan kliring xizmati ko‘rsatish shartnomasini tuzadi. Birja a'zosi va uning mijozi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar esa ular o‘rtasida tuzilgan topshiriq (vositachilik) shartnomasi bilan tartibga solinadi. HKKP birja a'zolarining mijozlari bilan ularga xizmat ko‘rsatuvchi birja a'zolari orqali o‘zaro hamkorlik qiladi. Birja a'zolari, agar bu topshiriq (vositachilik) shartnomasida ko‘rsatilgan bo‘lsa, o‘z mijozlarining vakillari hisoblanadilar.

Bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblar faqat kliring elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.

Hujjat 19.01.2018 yildan kuchga kirdi. 

Top