07:49 / 06.02.2018
10431

Malayziyaning samolyotini qidirayotgan kema ataylab 3 kun aloqaga chiqmagan bo‘lishi mumkin

Foto: AP Photo / Rob Griffith

Malayziyaning 2014 yil martida yo‘qolgan Boeing samolyotini qidirishda ishtirok etayotgan, AQShning Ocean Infinity kompaniyasi kemasi Seabed Constructor 3 kun o‘zining joylashgan o‘rni haqida ma'lumotlarni bermagan. Bu haqda Fox News nashri xabar bermoqda. 

Kema samolyotni 22 yanvarda Hind okeanida qidirishni boshlagandi. Samolyot bo‘laklarini qidirish uchun avtonom suv osti qurilmalari va gidrolokatorlar qo‘llangan. Biroq 1 fevralda kemaning joylashgan o‘rni haqidagi ma'lumot avtomatik identifikatsiya tizimida yangilanmay qo‘ygan. Biroq kema 80 soatdan keyin yana radarlarda paydo bo‘lgan va u Avstraliyadagi Pert shahriga yo‘l olayotgani aniqlangan. Ocean Infinity kompaniyasida ushbu vaziyatga izoh berilmagan. “Avtomatik identifikatsiya tizimi uzatgichi o‘chiq bo‘lgan. Savol shundaki, bu yangi yo‘nalishni tuzishda ekipaj xatosi bo‘lganmi yoki ataylab qilinganmi?”, deb aytgan geolokatsion tizimlar bo‘yicha mutaxassis Richard Kol.

Mutaxassislarning fikricha, kema ekipaji samolyotni qidirish o‘rniga xazina qidirish uchun ataylab o‘zining joylashgan o‘rnini yashirgan bo‘lishi mumkin. 2016 yilda operatsiya olib borilayotgan joyda 20-asr boshida cho‘kkani taxmin qilingan savdo kemasiga tegishli bo‘laklar aniqlangandi.

Malaysia Airlines aviakompaniyasining Boeing 777-200 yo‘lovchi samolyoti 2014 yil 8 martga o‘tar kechasi bortida 227 yo‘lovchi va ekipajning 12 a'zosi bilan radarlar ekranidan yo‘qolib qolgan. Samolyot Kuala-Lumpurdan Pekinga uchayotgan bo‘lgan. Taxmin qilinishicha, samolyot Hind okeanining janubiy qismida falokatga uchragan. 

Mavzuga oid
Top