00:48 / 06.02.2018
64374

O‘zbekistonda nikohni endi faqat sud orqali bekor qilish rejalashtirilmoqda

Foto: buyukyurt.uz

Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevralda qabul qilingan «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–5325-sonli farmonining 7-ilovasi — Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan.

Hujjatda bir qator yangiliklar nazarda tutilmoqdaki, ular yakunda nikoh va oila to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga kiritiladi, deb yozadi Norma.uz.

Birinchidan, nikoh tuzmoqchi bo‘lgan shaxslarga tibbiy ko‘rik natijalari bo‘yicha ma'lumotnoma berishda ularning sog‘liqliklari haqida yolg‘on va noto‘g‘ri ma'lumot bergan tibbiyot muassasasi rahbari va xodimlarining mas'uliyati kuchaytiriladi.

Eslatib o‘tamiz, shu paytgacha ko‘rik natijalari uchun mas'ullik faqat uni o‘tkazgan vrach zimmasida edi.

Ikkinchidan, turmush qurmoqchi bo‘lgan shaxslar maxsus o‘quv dasturiga ko‘ra oila asoslari bo‘yicha majburiy o‘quv kurslarini o‘taydi. U ilg‘or xorijiy tajribalar asosida ishlab chiqiladi.

Ayni paytda Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish qoidalarining 78-bandiga ko‘ra, ariza qabul qilishda FHDYo organi turmush qurayotganlarga uning tartib va shartlari, bo‘lajak er-xotin va ota-onani huquq va majburiyatlarini tushuntirish bilan cheklanadi. FHDYo organi turmush qurayotgan shaxslarning bir-birlarining salomatlik holati, oilaviy ahvolidan xabardorligini ham tekshirib ko‘radi va nikoh tuzishga to‘sqinlik qiluvchi holatlar yashirilmasligidan ogohlantiradi.

Uchinchidan, nikohni qayd etish muddati uzaytiriladi (ayni damda muayyan muddat ko‘rsatib o‘tilmagan). Bugungi kunda Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish qoidalarining 73-bandiga ko‘ra, turmush qurishni istaganlar o‘rnatilgan tartibda ariza topshirishganidan so‘ng bir oy muddat o‘tgach, FHDYo organi tomonidan nikoh qayd etiladi. Bu muddat hayotda bunday jiddiy qadam tashlash uchun yetarli emas, deb topilgan.

To‘rtinchidan, nikohni bekor qilishni faqat sud tartibida amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Ayni paytda Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish qoidalarining VI bobi 1- va 2-paragraflariga binoan, voyaga yetmagan umumiy farzandlar bo‘lmagan holatda er-xotinning o‘zaro roziligi bilan bu ishni FHDYo organi amalga oshiradi. Bundan tashqari, er-xotinning voyaga yetmagan umumiy farzandi bor-yo‘qligidan qat'i nazar, FHDYo organi er-xotindan birining dom-daraksiz ketgan, ruhiy kasallik tufayli layoqatli emas deb topganda, yoki er-xotindan biri 3 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etilganda nikohni bekor qilishi mumkin.

Beshinchidan, yarashuv uchun ajratilgan muddat 1 yilgacha uzaytiriladi. Ayni paytda Oila kodeksining 2-qismi 40-moddasiga ko‘ra, sud ishni ko‘rib chiqishni kechiktirib, er-xotinga yarashish uchun 6 oygacha muddat ajratishga haqli.

Oltinchidan, nikohni bekor qilishda er-xotinning mulkiy javobgarligini joriy etish taklif etilmoqda. Gap tovon puli haqida ketmoqda va u jahon yuridik amaliyotida ajrashish uchun tashabbuskor bo‘lgan oila a'zosi tomonidan to‘lanadi.

Qayd etmoq joizki, butun 2018 yil davomida o‘tuvchi me'yoriy hujjatlarni qayta ishlash jarayonida ko‘rsatib o‘tilgan yangiliklar tahrirlanishi ham mumkin.

Mavzuga oid
Top