10:21 / 08.02.2018
11764

Tsukerbergning imiji ortidan kuzatishi kerak bo‘lgan xodim yarim yilgina dosh bera oldi

Foto: Reuters

Tevis Makginn o‘tgan yil Facebook’ga ishga kirgandi. U kompaniyada marketing tadqiqotlari bilan shug‘ullanishiga umid qilgandi. Biroq buning o‘rniga unga odamlar kompaniya rahbari Mark Tsukerbergga qanday munosabatda ekanliklarini kuzatish vazifasi topshirilgan. 

Mohiyatan, Makginn har kuni dunyodagi eng yirik ijtimoiy tarmoq asoschisi Tsukerberg berayotgan bayonotlar ta'sirida uning imiji qanday o‘zgarayotganini tekshirishi kerak bo‘lgan. Bunday lavozimlar yirik siyosatchilar shtablarida mavjud. Biroq tadbirkorlar va hattoki yirik kompaniyalar top-menejyerlari ham vaqti-vaqti bilan bunday xodimlarga ehtiyoj sezadilar.   

Makginn The Verge nashri jurnalistlariga uning majburiyatlariga butun dunyo bo‘ylab “qarashlar” guruhlarini tashkillashtirib, odamlar Tsukerbergga ishonish-ishonmasliklarini, nima uchun uni yoqtirishlarini va umuman u haqda eshitgan-eshitmaganlarini aniqlash kirgan. 

Bunda nafaqat Tsukerbergning tadbirlarda chiqishlari yoki ijtimoiy tarmoqdagi u yoki bu o‘zgarishlarni e'lon qilishini baholashga to‘g‘ri kelgan. Bundan tashqari, misol uchun, Tsukerberg ishtirokidagi piknikning onlayn-namoyishi ortidan ham kuzatish kerak bo‘lgan. Makginning aytishicha, Tsukerberg odamlar uning har bir harakatini qanday qabul qilishlarini bilmoqchi bo‘lgan.

“Facebook – bu Mark”, deb aytgan Makginn. Uning fikricha, 33 yoshli Markda ijtimoiy tarmoqning 2 milliardlik auditoriyasi ustidan hattoki prezidentlarda bo‘lmagan, misli ko‘rilmagan hokimiyat bor. Makginn kompaniyada yarim yil ishlagach, ijtimoiy tarmoq dunyoni faqat yomon tomonga o‘zgartirishi haqidagi xulosaga kelib, u yerdan bo‘shab ketgan. “Men u yerda 6 oy ishladim va men kompaniya ichida bo‘la turib,  Facebook’ga ta'sir qila olmasligimni angladim. Men kompaniya qadriyatlarini, uning tartib-qoidalarini o‘zgartira olmayman. Men juda optimistik kayfiyatda bo‘lgandim”, deb aytgan Makginn.

Makginn o‘zi olib borgan tadqiqotlarning birorta natijasini oshkor qilmagan. Facebook’da ham uning ishi natijalariga izoh berilmagan, biroq kompaniya 2 yildan beri foydalanuvchilarning Tsukerbergga munosabatlarini kuzatish bilan shug‘ullanishi aytilgan.

2017 yilda Tsukerberg AQShning har bir shtatiga tashrif buyurib, ularning aholisi bilan muloqot qilish vazifasini o‘z oldiga qo‘ygan. Tsukerbergning bu tashriflari ko‘proq prezidentlikka nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini eslatib yuborgan. Hattoki Mark prezidentlikka nomzodini qo‘ymoqchiligi haqida gaplar ham urchigan, biroq tadbirkorning o‘zi bunga hech qanday izoh bermagan.

Mavzuga oid
Top