21:46 / 08.02.2018
13376

Davlat xizmatlari agentligi xodimlari Qoraqalpog‘istonning eng chekka aholi punktlariga tashrif buyurdi

Foto: Adliya vazirligi

Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining ishchi guruhi ayni kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib turibdi. Ishchi guruhning maqsadi prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirish mexanizmlaridan biri bo‘lmish – davlat  xizmatlari ko‘rsatish tartiblarini takomillashtirish, davlat xizmatlari samaradorligi, tezkorligi va sifatliligini ta'minlashdir. Bu haqda Adliya vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Agentlik xodimlari sayyor xizmatlar ko‘rsatish hamda Qoraqalpog‘istondagi har bir fuqaroning  kundalik hayoti uchun zarur bo‘lgan davlat xizmatlari sifatini  tubdan yaxshilash sohasida amalga oshirilayotgan  islohotlarning  mazmun-mohiyatini  keng aholiga yetkazish maqsadida eng chekka aholi punktlariga tashrif buyurmoqda. Xususan, sayyor qabullar Mo‘ynoq, Shumanay, To‘rtko‘l, Qorao‘zak ovullari va boshqa tumanlarni qamrab oldi. Shu tariqa, respublikaning eng chekka hududlarida bevosita xizmat ko‘rsatish tashkillashtirildi, mahalliy aholi bilan uchrashuv va ochiq muloqotlar o‘tkazildi.

Bevosita muloqot doirasida Agentlik xodimlari fuqarolarning davlat xizmatlaridan foydalanishi jarayonida duch kelayotgan qiyinchiliklari, Davlat xizmatlari markazlarining aholi turmush darajasini oshirishdagi o‘rni va ahamiyatiga doir fikr-mulohazalari, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarini tingladi.

Shuningdek, Agentlik xodimlari tomonidan Shumanay tumani maktablarida tanishtiruv ma'ruzalari va Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida taqdimotlar o‘tkazildi. Unda o‘sib kelayotgan yosh avlodga davlat xizmatlarining mazmun-mohiyati haqida tushuntirish berildi. Bundan tashqari, yoshlar Agentlik va Davlat xizmatlari markazlari faoliyati bilan tanishdi, o‘zlarini qiziqtirgan savollar, jumladan, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini buzganlik uchun javobgarlik, davlat xizmatlarini ko‘rsatish ustidan monitoring olib borish va uni nazorat qilish, shuningdek, bandlik masalalariga oid savollarga javob olishdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlaridagi barcha Davlat xizmatlarini ko‘rsatish markazlariga avtotransport vositalari topshirildi. Bu chekka hududlarda istiqomat qiladigan aholiga qisqa fursatda davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini muntazam yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Top