09:44 / 10.02.2018
11532

AQSh Xitoy sababli Osiyodagi qo‘shinlari sonini oshirmoqchi – OAV

Foto: CC BY 2.0 / Arlington County / Pentagon

Pentagon Xitoyning oshib borayotgan ta'siriga javob sifatida bir nechta rejalarni, jumladan Sharqiy Osiyoda dengiz piyoda askarlari bo‘linmalarini joylashtirish imkonini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Wall Street Journal nashri harbiylarga iqtibos keltirgan holda xabar berdi.  

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda Yaponiyada 50 ming, Janubiy Koreyada 29,5 ming  va Guam orolida 7 ming amerikalik harbiy bor. 

Ta'kidlanishicha, AQSh mudofaa vazirligi Osiyoga tezkor javob berishga mo‘ljallangan dengiz piyoda qo‘shinlarining ekspeditsiya otryadlarini jo‘natmoqchi. Bu otryadda 2 mingga yaqin harbiy bor. Odatda otryadlar dengizda desant kemalarda 7 oygacha qoladi. Bu kemalar mohiyatan kichik aviatashuvchilar hisoblanadi. Guruhlar ixtiyorida odatda samolyotlar, vertolyotlar, tanklar, minomyotlar va boshqa qurol bor.

AQSh bu bo‘linmalarni Iroq va Suriyada IShIDga qarshi kurashda qo‘llagan. Nashr suhbatdoshi general Robert Nellerning aytishicha, agar guruhlar Osiyoga tashlansa,  ularning vazifasiga hududlarni patrullash va AQSh ittifoqdoshlari bilan birgalikda mashg‘ulotlar o‘tkazish kiradi. 

Nashrning ta'kidlashicha, ushbu rejalar AQShning yangi mudofaa strategiyasiga muvofiq keladi. Unda asosiy xavflardan biri sifatida Xitoy aytilgan.

Yanvarda Pentagon milliy xavfsizlikning yangi strategiyasini chop etgandi. Unda Xitoy, Rossiya, Eron va Shimoliy Koreya AQShning raqobatchilari deb atalgan. Hujjatdagi asosiy tamoyillar sifatida terrorchilikka qarshi kurashdan “yirik davlatlar” bilan raqobatchilik qilishga o‘tish va buning uchun strategik yadroviy kuchlar, raketaga qarshi mudofaa kuchlari va kiberimkoniyatlar hisobiga kuchli qurolli kuchlarni yaratish aytib o‘tilgan.  

Mavzuga oid
Top