O‘zbekiston | 10:45 / 13.02.2018
12430
3 daqiqa o‘qiladi

Komilov Hindiston va Pokiston tashqi ishlar vaziri bilan nimalarni muhokama qildi? 

Foto: Hindiston Tashqi aloqalar vazirligi

2018 yilning 12 fevral kuni Dehli shahri O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar bergan.

Turli darajalardagi O‘zbekiston-Hindiston muntazam muloqotining davomi sifatida vazirlar ikki tomonlama kun tartibning dolzarb masalalari hamda mintaqaviy hamkorlikning alohida mavzularini muhokama qildilar.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Hindistonning siyosiy, ishbilarmon va boshqa doiralari orasida ikki mamlakat hamkorligini yanada mustahkamlashga qiziqish oshayotganligi qayd etildi. O‘zbekiston va Hindistonning yetakchi firma va kompaniyalari vakillari uchun shart-sharoit yaratish va ular o‘rtasidagi aloqalarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga asosiy e'tibor qaratildi.

O‘zbekiston TIV rahbari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik» nomli Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik jarayoni to‘g‘risida hindistonlik hamkasbiga ma'lumot berdi. Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Hindiston tomoni Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent forumini o‘tkazishga oid O‘zbekiston tashabbusini to‘liq qo‘llab quvvatladi.

Shuningdek, 2018 yilning 12 fevral kuni Islomobod shahriga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Xavaj Muhammad Asif bilan uchrashdi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Suhbat chog‘ida tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonidan O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarining kun tartibi va BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi aloqalar yuzasidan fikr almashildi.

O‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga, avvalo savdo-iqtisodiy, investitsion, transport-kommunikatsiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda aloqalarni mustahkamlashga tomonlar tayyor ekanligi tasdiqlandi.

Ta'kidlanganidek, ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi muntazam aloqalar O‘zbekiston va Pokistonning yetakchi kompaniya va firmalari, bank-moliya tuzilmalari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish istiqbollarini optimistik ruhda baholash imkonini yaratadi.

Qayd etilganidek, qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘lga o‘tishi mintaqaviy hamkorlikni faollroq rivojlantirish imkoniyatini yaratadi. Shu nuqtayi nazardan Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik» nomli Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada ko‘rib chiqishga kiritilayotgan masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuvda vazirlar tomonidan 2018 yili bo‘lib o‘tadigan turli darajalardagi O‘zbekiston-Pokiston uchrashuvlari jadvali yuzasidan fikr almashildi.

Mavzuga oid