Jamiyat | 15:49 / 14.02.2018
22871
5 daqiqa o‘qiladi

Bir xonadan chiqolmagan hujjat tarixi: tadbirkorga yordam zarur

Foto: Illyustrativ foto

Tahririyatimizga kelib tushgan navbatdagi murojaat yuzasidan surishtiruv olib borib, Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonovning qonunda nazarda tutilgan vazifasini lozim darajada bajarmayotgani, shahar hokimiga o‘z vazifasini bajarish majburiyatini yuklash haqidagi sud qarori esa yillar davomida ijro etilmayotganini aniqladik.

Gap shundaki, «Respublika tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazi» MChJ o‘z faoliyatini kengaytirish maqsadida yer maydonini ajratishni so‘rab, poytaxt hokimiga yozma murojaat qilgan. Barcha mutasaddi davlat organlari va idoralari bilan yer ajratish bo‘yicha hujjatlar o‘rnatilgan tartibda kelishilgan va tegishli ruxsatnomalar olingan bo‘lishiga qaramasdan, Rahmonbek Usmonov mazkur hujjatlarni qonunda belgilangan muddatlar va tartibda ko‘rib chiqmayapti.

Tadbirkor o‘z haq-huquqini himoya qilishini so‘rab, 2015 yilda Toshkent shahar Xo‘jalik sudiga murojaat qiladi. Mansabdor shaxsning noqonuniy harakat (yo harakatsizligi) ustidan shikoyat qilgan ishbilarmon so‘zlariga quloq tutgan sudya, Toshkent shahar hokimiga yer ajratish bo‘yicha hujjatlarni ko‘rib chiqish majburiyatini yuklaydi. Ammo sudning qarori uch yil davomida ham ijro etilmadi.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, shuningdek, Jinoyat kodeksida «sud qarorini ijro etishga qasddan to‘sqinlik qilish, bajarmaslik» kabi moddalar bo‘yicha javobgarlik belgilangan. Shunga qaramay, Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a'zosi, senator sifatida daxlsizlik huquqidan ham «oqilona» foydalanmoqda.

Uzoq vaqt davom etgan sarsongarchilikdan so‘ng, Toshkent shahridan yer ajratish masalalari bo‘yicha mas'ul ishchi organ sifatida Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi shaharning boshqa hududidan yer maydoni ajratib berilishini ta'kidlagan. Tadbirkorlik sub'yekti boshqa yer maydoniga qaytadan barcha ruxsatnoma olish bosqichlaridan o‘tib, yangi hujjatlarni o‘rnatilgan tartibda tayyorladi. Bu safar ham «ToshkentboshplanLITI» DUK, Davlat sanitariya va epidemiologiya markazi, Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi, Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi va Tabiatni muhofaza qilish boshqarmasi vakillari hujjatlarga ijobiy baho berdi.

Ammo, lekin, biroq... Yangi hujjatlar Toshkent shahar hokimiyatiga kelib, avvalgi tarix yana qaytarilaverdi. Toshkent shahar hokimi imzosi bilan yer ajratish bo‘yicha hujjatlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi maxsus komissiyaga yuborilishi belgilangan. Qonun hujjatlarida 47 kun ichida ko‘rib chiqilishi so‘ralgan hujjatlar uch yil davomida bir xonada qolib ketdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili ham bir necha marta qonunbuzilish holati yuzasidan, Toshkent shahar hokimiyatiga tadbirkorga yer maydoni ajratish masalasini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun vakolatli bo‘lgan organ Vazirlar Mahkamasiga yuborilishini so‘rab taqdimnoma kiritdi. Bundan ham naf yo‘q!

Agar do‘ppini bir chekkaga yechib, fikr yuritsak: hokim xalqning, qolaversa, tadbirkorning asl manfaatlarini ro‘yobga chiqarishda harakatsizlik qilsa, qolaversa, sudning qarorini ijro etishning imkoni bo‘lmasa, nima qilish darkor? Shavkat Mirziyoyev hududlarning birinchi rahbarlariga katta ishonch bildirdi, hokimlarni joylardagi vakili, o‘z himoyasida ekanligini aytdi. Ammo, o‘z vakolati doirasidagi harakatlarni o‘z vaqtida bajarmayotgan, boshqacha aytganda harakatsizlikka yo‘l qo‘yayotgan hokimlar Prezident ishonchini oqlash haqida o‘ylab ko‘rayotganmikin?

Qachon davlat rahbari tashabbus bildirgan g‘oyalar, xalq uchun xizmat qiladi, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash vakolatli shaxslar tomonidan amalda ijro etiladi? Bir kishining jon kuydirishi bilan butun tizim o‘zgarmaydi, agar barcha bir yoqadan bosh chiqarib ishlamas ekan, biz ko‘zlangan manzilga yetib borishimiz uchun ko‘p qovun pishig‘i o‘tadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid