O‘zbekiston | 13:19 / 14.02.2018
13754
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 12,2 kilometrlik tramvay yo‘li qurib bitkazildi

Foto: KUN.UZ

Samarqand shahrida umumiy uzunligi 34,8 kilometrni tashkil etuvchi tramvay yo‘llari qurilishining birinchi bosqich ikkinchi yo‘nalishi ham nihoyasiga yetkazildi. Bu haqda “Xalq so‘zi” yozmoqda.

O‘tgan yilning 15 aprel kuni uzunligi 7,2 kilometrdan iborat birinchi bosqichning ilk yo‘nalishi Temir yo‘l vokzali — Sattepa oralig‘idagi liniya ishga tushgan edi. Kuni kecha birinchi bosqichning ikkinchi yo‘nalishi bo‘lgan Temir yo‘l vokzali — Siyob bozori oralig‘idagi uzunligi 5 kilometrdan iborat tramvay liniyasida ham qurilish ishlari yakunlandi. 

Yangi yo‘nalish 18 ta bekatdan iborat bo‘lib, unda 8 ta tramvay aniq jadval asosida tonggi soat 06:00 dan tungi 23:00 ga qadar harakatlanishi rejalashtirilgan. Qatnov oralig‘i 7 daqiqani tashkil etadi. 

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkinki, Samarqandda 1948–1973 yillarda tramvay qatnovi mavjud bo‘lgan. Eski tramvaylar qatnovi atigi bitta yo‘nalishdan iborat bo‘lib, aynan Temir yo‘l vokzali —  Siyob bozori bekati bo‘ylab yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatgan. 

Keyingi yillarda shaharning Rudakiy va Beruniy ko‘chalarida rekonstruktsiya ishlari olib borilishi natijasida yo‘llar sezilarli darajada kengaytirildi va tramvay harakatlanishi uchun sharoit yaratildi. Endilikda ushbu qurilgan tramvay liniyasi aholi zich joylashgan massivlarni birlashtirib, ularning transportga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi. 

Tramvaylarga uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berish maqsadida loyiha doirasida 6 ta maxsus elektr tortish stansiyalari qurildi. Harakat xavfsizligini ta'minlash uchun yo‘nalish bo‘ylab lozim bo‘lgan yo‘l belgilari va svetoforlar talab doirasida o‘rnatildi. Rudakiy hamda Gagarin ko‘chalari kesishmasida tramvaylarga texnik xizmat ko‘rsatish deposi ham bunyod etilmoqda.

Mavzuga oid