Jahon | 22:15 / 14.02.2018
7038
2 daqiqa o‘qiladi

JAR prezidenti iste'foga ketishdan bosh tortmoqda

Foto: RIA Novosti

JAR prezidenti Jyeykob Zuma hukmron partiya “Afrika milliy kongressi” talabiga ko‘ra iste'foga ketishdan bosh tortmoqda. 

Zuma ushbu qarorini partiya ijroiya qo‘mitasining qarorlarni qabul qilish jarayonidan noroziligi sababli qabul qilgan. 

“Men hech qanday yomon ish qilmadim va hech kim menga nima uchun iste'foga ketishimni tushuntirmadi”, deb aytgan Zuma SABC davlat telekompaniyasiga bergan intervyusida

Zumaning aytishicha, uning partiya rahbariyati qaroridan noroziligi rahbariyat fikri bilan hisoblashmasligini anglatmaydi. “Men bu qarorni noto‘g‘ri deb hisoblayman. Men partiya bunday noto‘g‘ri qarorni birinchi marta qabul qilganini ko‘rmoqdaman”, deb aytgan prezident.  

Zumaning aytishicha, u hukmron partiya yetakchisi va o‘z o‘rinbosari Siril Ramaposa bilan muzokaralarda unga hokimiyatni muddatdan avval bir necha oy ichida topshirishga rozilik bergan va shundan keyin u va partiya rahbariyati o‘rtasida kelishuvga erishilgan. “Iyulda bizda BRIKS sammiti bo‘ladi va unda men o‘z hamkasblarimga Ramaposani o‘rnimga keluvchi odam sifatida taqdim qilmoqchi edim”, deb aytgan Zuma.

Biroq partiya rahbariyati avvalgi pozitsiyasini o‘zgartirib, mamlakatda hokimiyat zudlik bilan almashtirilishini talab qila boshlagan. “Qaror shunday tarzda qabul qilinganki, men o‘zimni jabrdiydadek his qilmoqdaman”, deb ta'kidlab o‘tgan Zuma. Uning aytishicha, partiyaning bu qaroriga yagona asos dekabrda Ramaposa partiyaning yangi yetakchisi etib saylangandan keyin mamlakatda ikki kuch markazi bo‘lishidan qochish istagi hisoblanadi.

Zuma kun oxirigacha yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha rasmiy bayonot berishini aytgan.

 

Mavzuga oid