Jahon | 09:38 / 15.02.2018
9237
2 daqiqa o‘qiladi

Peruda egizak ukasi ko‘rinishida qamoqdan qochgan mahbus ushlandi

Peruda bir yil avval turmadan egizak ukasi ko‘rinishida qamoqdan qochgan mahbus ushlandi. Bu haqda BBC News ma'lum qildi. 

Voqea “qahramoni” Aleksander Delgado bolalar ustidan jinsiy zo‘ravonlik va o‘g‘rilik sodir etgani uchun 16 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan bo‘lgan. 2017 yil yanvarda Peru poytaxti Limadan shimolda joylashgan qamoqqa mahbusni ko‘rgani uning egizak ukasi Jankarlo kelgan. Mahbus ukasi bilan suhbat vaqtida jigargo‘shasi bilan o‘xshashligidan foydalanib qolishga qaror qilgan: u ukasini giyohvand modda bilan sarhush qilib qo‘yib, uning kiyimini kiyib, qamoqdan qochishga muvaffaq bo‘lgan. 

Foto: PERUVIAN INTERIOR MINISTRY

Mahbus qochib ketgani ukasining barmoq izlari olingandan keyin aniqlangan. Qochoq mahbusni qidirish u haqidagi  ma'lumot uchun mukofot puli e'lon qilinmagunga qadar natija bermagan. Natijada jinoyatchi Kalyao shahrida qo‘lga olingan.

Mahbus hibsga olingandan keyin onasini ko‘rishni juda istagani uchun yuzaga kelgan imkoniyatdan foydalanib qolishga qaror qilganini so‘zlab bergan. Endi u mamlakat janubidagi tog‘lar orasida joylashgan, qattiq qo‘riqlanuvchi qamoqqa yuborilmoqchi.  

Ma'lum qilinishicha, jinoyatchi qidiruvda bo‘lgan vaqtda uning ukasi politsiyada ushlab turilgan. U akasiga ataylab yordam berganlikda gumon qilingan, biroq natijada unga hech qanday ayblov qo‘yilmay, qo‘yib yuborilgan.  

Mavzuga oid