Fan-texnika | 19:21 / 21.02.2018
5825
2 daqiqa o‘qiladi

SpaceX o‘z raketasining bir qismini ulkan to‘r yordamida ilib olmoqchi 

Foto: Twitter/@Teslarati

SpaceX kompaniyasi Falcon 9 raketasi bosh obtekatelining yarmini ulkan to‘r yordamida ilib olmoqchi. Ushbu to‘rning surati tvitterda fotojurnalist Paulin Akalin tomondan joylashtirildi. 

Fotosuratchi Los-Anjyelesdagi San-Pedro portida Mr. Steven kemasida yoyilgan ulkan to‘rni suratga oldi. Ushbu to‘r Falcon 9 raketasi PAZ sun'iy yo‘ldoshini orbitaga olib chiqqandan keyin uning elementining tushishini yumshatish uchun mo‘ljallangan. Parvoz bugun, 21 fevralga rejalashtirilgan..

100 km balandlikda bosh obtekatelning bir tonna keladigan yarim bo‘lagi tezligi tovush tezligidan taxminan 10 marta kattaroq bo‘ladi, 10 km balandlikda esa tovush tezligining yarmini tashkil qilishi kerak. Parvoz trayektoriyasining bu qismida bosh obtekatelda parashyut ochilishi va GPS tizimi yoqilishi kutilmoqda. GPS tizimi Mr. Steven kemasiga raketa bo‘lagi tushadigan joyni aniqlashga imkon beradi. 

Raketaning ikki qismdan iborat bosh obtekatelining narxi 6 mln dollar turadi. Obtekatelning yarmi saqlanib qolishi SpaceX’ga narxi 62 mln dollarga baholanayotgan og‘ir raketa parvozi qiymatini taxminan 5 foizga kamaytirishga imkon beradi.

Mavzuga oid