Jahon | 21:30 / 28.02.2018
5146
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda sport mahsulotlari sotuvchi eng katta riteyler miltiqlar sotishni to‘xtatdi 

AQShdagi sport mahsulotlari sotuvchi eng katta riteyler Dick's Sporting Goods Floridadagi maktabda 17 kishining hayotiga zomin bo‘lgan otishma sodir bo‘lgandan keyin shturm miltiqlarini savdodan oldi. Bu haqda MarketWatch xabar bermoqda. 

Bundan tashqari, kompaniya 21 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga o‘qotar qurol sotishni to‘xtatadi va o‘qdoni sig‘imi katta qurollarni sotishdan voz kechadi.  

“Biz AQSh konstitutsiyasiga ikkinchi tuzatmani qo‘llab-quvvatlaymiz va hurmat qilamiz hamda AQShda qurolga egalik qiluvchi ko‘pchilik unga mas'uliyat bilan egalik qilishini tan olamiz va buni qadrlaymiz. Biroq biz oldimizda turgan muammoni hal qilishda yordam berishga majburmiz. O‘qotar qurol qo‘llash bilan zo‘ravonlik amalga oshirish ko‘plab odamlar, jumladan bolalarning hayotini olib ketayotgan epidemiyaga aylandi”, deb aytgan riteyler rahbari Edvard Stek.

Dick's’ning aksiyalari 28 fevraldagi savdolar vaqtida 0,9 foizga oshdi. Bu orada qurol ishlab chiqaruvchi Sturm Ruger va Smith&Wesson kompaniyalari aksiyalari 3,3 va 1 foizga tushib ketgan. 

Floridadagi otishmani sodir etgan 19 yoshli Nikolas Kruz AR-15 avtomatik miltig‘idan foydalangan. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, ushbu miltiqdan otiladigan o‘q tezligi oddiy to‘pponchanikidan 3 marta kattaroqdir va buning oqibatida ichki a'zolarga ko‘proq zarar yetkazadi. Hujumdan keyin OAV va ijtimoiy tarmoqlarda AQShda qurol sotishni cheklash haqida ko‘plab chorlovlar paydo bo‘lgan.

Mavzuga oid