Sport | 20:00 / 28.02.2018
15314
2 daqiqa o‘qiladi

Bahodir Jalolov: «O‘zbek bokschilarining ahilligiga butun dunyoda tan berishadi»

Foto: Reuters

WSB yo‘nalishidagi musobaqalarda ishtirok etayotgan «Uzbek Tigers» jamoasi bokschisi, +91 kg vazn toifasida ringga chiqadigan Bahodir Jalolov ertaga bo‘lib o‘tadigan jangi oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

— Bu safar tayyorgarlik har safargidan jiddiyroq bo‘ldi, deb ayta olaman. WSB yo‘nalishidagi janglarda tobora kuchli bo‘lib borayotganimni o‘zim ham his qilyapman. Xudo xohlasa, ertaga bo‘lib o‘tadigan jangda chiroyli jang qilib, g‘alaba qozonaman va buni isbotlayman, deb umid qilaman.

— Kechagi janglarda ham xuddi o‘zingiz ringga chiqqandik bo‘ldingiz...

— 1-turda Kubaga qarshi jangda mag‘lubiyatga uchragandik. Yigitlar kecha ulardan biz uchun ham revansh olishdi. Mag‘lubiyat alamini unutish uchun ham bu g‘alaba kerak edi. Shu bois qo‘ldan kelgancha, sheriklarimizni qo‘llab-quvvatlashga harakat qildik.

Butun dunyoda o‘zbekistonlik bokschilarning ahilligiga tan berishgan. Rioda o‘tgan olimpida vaqtida ham, jahon chempionatida ham raqib jamoalar buni ko‘p gapirishardi. Ovqatlangani ham butun jamoa bo‘lib chiqib, butun jamoa bo‘lib qaytardik. Braziliyada Rossiya terma jamoasi murabbiyi bunaqa ahil jamoani ko‘rmagandim, tan berdim sizlarga degandi.

Ishoning bunaqa jamoa hech qayerda yo‘q. O‘shandayoq biz ahil jamoa ekanimizni ko‘rsata olganmiz. O‘shandan boshlab kim O‘zbekiston nomidan ringga chiqsa, uni imkoni boricha qo‘llab-quvvatlashga harakat qilamiz», deya gapirib o‘tdi Bahodir Jalolov KUN.UZ muxbiri bilan intervyu chog‘ida.

Azamat Murodov
Tayyorlagan Azamat Murodov
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid