Samarqandda o‘z vazifasiga mas'uliyatsizlik bilan yondashgan shifokorlarga nisbatan qat'iy choralar ko‘rildi
Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlash sog‘liqni saqlash sohasining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblandi. Ayniqsa, shifoxona ichida sanitariya qoidalariga qat'iy amal qilinishi tibbiyot xodimining burchi, bemorning huquqidir.
Ammo joriy yil boshida o‘tkazilgan o‘rganishlar ayrim viloyatlardagi davolash-profilaktika muassasalarida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasida ishlar sust olib borilayotganini ko‘rsatdi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.
Xususan, Samarqand viloyati stomatologiya poliklinikasida sterilizatsiya ishlari sifatsiz olib borilgan, ba'zi hollarda bir marotabalik tibbiy buyumlar qayta ishlatib kelingan.
Shuningdek, Samarqand shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli muassasalarda tibbiy asbob-uskunalarni sterilizatsiya qilish jarayonida va boshqa muolajalarni o‘tkazishda amaldagi sanitariya qoidalari va me'yorlari qo‘pol ravishda buzib kelingani ma'lum bo‘ldi. Masalan, tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq majmuasining jarrohlik blokida sterilizatsiya jarayoni talabga javob bermaydi.
Yuqoridagi kabi holatlar Samarqand viloyat perinatal markazi, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Tayloq, Narpay tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmalari faoliyatida ham aniqlangan.
Bu borada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining navbatdagi Hay'at yig‘ilishida muhokama qilindi va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Jumladan, Samarqand viloyat stomatologiya poliklinikasi bosh shifokori A.Norbo‘tayev hamda Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i O.Elbabayev bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish hamda Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Tayloq, Narpay tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmalari boshliqlari, Samarqand viloyat perinatal markazi bosh shifokoriga nisbatan intizomiy chora qo‘llashga qaror qilindi.
Bundan tashqari, tegishli nazoratni susaytirib yuborganligi, shifoxona ichi infeksiyasi profilaktikasini sust olib borganligi uchun Andijon viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori B.Yo‘ldashev, Samarqand viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori O.Boymurodov va Farg‘ona viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori A.Yakubovlarga nisbatan ham intizomiy choralar ko‘rildi.
Yuqoridagi holatlar takrorlanmasligi hamda sanitariya qoidalariga amal qilish mas'uliyatini kuchaytirish maqsadida davolash-profilaktika muassasalarida shifoxona ichi infeksiyasining oldini olish bo‘yicha doimiy ravishda tushuntirish ishlarini olib borish, bu borada hududlardagi mutaxassislarga muntazam ravishda amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish belgilandi.
Viloyatdagi har bir davolash muassasasi rahbariga aholi manfaatlari yo‘lida shaxsiy javobgarlikni his qilib ishlash, sanitariya qoidalari va me'yorlariga qat'iy amal qilish bo‘yicha shaxsan javobgar ekanliklari tushuntirildi.
Mavzuga oid
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024