AQShda o‘tkazilgan so‘nggi prezidentlik saylovidan keyin ko‘pchilikni bir savol o‘ylantirdi: Donald Tramp vazifasini eplay oladimi? Bir yildan oshiq muddat o‘tgach, to‘plangan ilk xulosalar bilan shuni aytishi mumkinki, Tramp barcha kutgani kabi anoyi bo‘lib chiqmadi. Uning boshqaruvida AQShdagi ishsizlik sur'ati oxirgi 10 yil ichidagi eng yaxshi ko‘rsatkichni zabt etdi.

Nega masalaga okean ortidagi vaziyatdan yo‘l ochib kelmoqdaman? Sababi shundaki, bugun jahon hamjamiyati oldida turgan azaliy masalalardan biri - ishsizlik har qachongidan ham dolzarb bo‘lib qoldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham mana shu masalaga e'tibor qaratganda, ishchi o‘rni yaratgan tadbirkorni «boshimda ko‘tarib yuraman» deya qadrlaydi.

Davlat rahbari shu qatori milliy iqtisodiyotni yanada rivojlantirish maqsadida so‘zlashuvda «mahalliylashtirish» imtiyozlari deya yuritilgan bir qancha preferensiyalarni bekor qilib, imtiyozlarni boshqa ko‘rinishga o‘tkazdi. Masalan, yengil sanoat va to‘qimachilik sohasida «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tashkil etilgan bo‘lib, unga a'zo bo‘lgan xo‘jalik sub'yektlari (yoki tadbirkorlar) boj to‘lovlaridan ozod etilgan ko‘rinishda xom-ashyo mahsulotlarini import qilishi mumkin.

Amaliyotning quvonchli jihati shundaki, «mahalliylashtirish» dasturida nazarda tutilgan sharoitlar deyarli saqlanib qoldi. Soddaroq qilib aytganda, milliy mahsulotlarni ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida tadbirkorlar xom-ashyo importida soliq va boj to‘lovlaridan ozod etilgandi. Oqibatda, mahsulot narxi pasaydi, chetdan trikotaj, yengil sanoat mahsulotlari import bo‘lishi kamaydi. Buning ustiga mahalliy tadbirkorlar xorij bozorlarini egallashni boshladi, evaziga O‘zbekistonda valyuta kirib keladi.

Shunga qaramay, tadbirkorlarga taqdim etilgan alohida imtiyozlar boshqa tartibda berilishi ko‘zlanmoqda. Buning yoqimsiz jihati ham bor: imtiyozdan foydalanish barcha uchun cheklangan. Ya'ni muayyan miqdordagi xom-ashyoni olib kirishingiz bilan joriy etilgan cheklov tugaydi. Undan ortiq xom-ashyo uchun davlat boji undiriladi. Imtiyozga nisbatan joriy etilgan cheklov miqdori ayrim sabablarga ko‘ra kichik raqamlarda ifoda etilgan. Masalan, 2017 yilda Namangan viloyatining o‘zida «yevro» mato (TIFTN 5512199000) 11 mln m2 hajmda import qilingan. Bu ko‘rsatkich 2018 yil uchun 200 ming m2 hajmda bo‘lishi rejalashtirilgan va bu butun O‘zbekistondagi tadbirkorlar uchun!