Jahon | 22:27 / 02.03.2018
8650
3 daqiqa o‘qiladi

Barcha uchun ish: Facebook 40 dan ortiq mamlakatdagi bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi e'lonlarni taqdim etadi

Foto Chris Ratcliffe / Bloomberg

Facebook bir yil avval AQSh va Kanadadagi kompaniyalarga xodimlarni izlashga doir e'lonlarni joylashtirish, izlanuvchilarga esa bu e'lonlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy tarmoq orqali javob berish imkoniyatini taqdim etgan edi. 28 fevral kuni Facebook bu jihoz 40 dan ortiq mamlakatga taqdim etilishi haqida e'lon qildi. 

Ijtimoiy tarmoqdan foydalanuvchi kompaniyalar va odamlar bu funksiyani bepul qo‘llashi mumkin bo‘ladi, zero uning maqsadi — mahalliy biznesga nomzodlarni yaqin atrofdan topishga yordam berish. 

Mazkur funksiya o‘tgan yili yo‘lga qo‘yilganidan buyon Facebook kompaniyalarga mobil versiya orqali vakansiyalar haqida e'lonlar joylashtirish, murojaatlarni boshqarish va suhbat kunini belgilash imkonini beruvchi optsiyalarni qo‘shdi. Ish izlovchilar o‘zlariga qiziq bo‘lgan bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi e'lonlar to‘g‘risida xabar qilish funksiyasini o‘rnatishlari mumkin. Bu funksiyani xalqaro ko‘lamda kengaytirish Facebook'ning personal tanlovga yo‘naltirilgan boshqa platformalar (Linkedin, Glassdoor va Monster.com)ga nisbatan aniq pozitsiyasini mustahkamlaydi. 

Facebook servisi kichik biznesga mo‘ljallangan. AQShdagi ishchi o‘rinlarning taxminan yarmi kichik biznesga to‘g‘ri keladi va bu Facebook reklama bo‘limi uchun katta ahamiyatga ega. 2,2 milliard foydalanuvchiga ega ijtimoiy tarmoqning mashhurligi unga ish izlash jarayonining rasmiy qismini o‘z zimmasiga olish imkonini beradi. Hozirning o‘zdanoq Amerikaning har to‘rtinchi fuqarosi Facebook yordamida ish izlagani va topganini aytadi.  Morning Consult kompaniyasi tomonidan mamlakat aholisining 5000 nafar katta yoshli kishisi o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn-so‘rovnoma shundan dalolat bermoqda. 

Ish izlash bo‘yicha keng omma orasida tanilgan saytlar tomonidan raqobat mavjudligiga qaramay, Facebook bepul va oddiy jarayonni taklif qilish bilan ustunlikka ega bo‘lishga e'tibor qaratmoqda. 

O‘tgan yili Facebook'ning reklama va biznes-platforma bo‘yicha vitse-prezidenti Endryu Bosuort kompaniya firmalar o‘z sahifalarida bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi e'lonlarni berayotganini ko‘rib, ushbu funksiyalarni qo‘shishga qaror qilganini aytgan.

Ish beruvchilar nomzodlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Messenger orqali bog‘lanib, suhbat vaqtini belgilab olishlari mumkin. 

"Ushbu funksiyaning asosiy xususiyati uning foydalanishda osonligi va bepulligida. Bu 70 million kompaniyaga bizning platformamiz orqali 2 milliard xususiy foydalanuvchi bilan bog‘lanish usulidir. Yangi funksiyaga allaqachon start berilgan, biz shunchaki jarayonni yanada  soddalashtirish ustida ishlayapmiz", - dedi Ximel.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid