15:57 / 03.03.2018
37207

Avtomototransport vositalarini tayyorlash va qayta jihozlash – faqat ruxsatnoma bilan

Foto: astor-auto.ru

Vazirlar Mahkamasining 22.02.2018 yildagi 138-son qarori bilan Avtomototransport vositasi konstruksiyasining va (yoki) uning qismining yo‘l harakati xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida guvohnoma va avtomototransport vositasini qayta jihozlashga ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Norma.uz’ning yozishicha, avtomototransport vositalarini tayyorlash va qayta jihozlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan quyidagi ruxsat beruvchi hujjatlarga asosan avtoni tayyorlash va qayta jihozlash ishlari amalga oshiriladi:

1. Avtomototransport vositasi konstruksiyasining va (yoki) uning qismining yo‘l harakati xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida guvohnoma. Mazkur hujjat tadbirkorlarga avtomototransport vositasini qayta jihozlash va (yoki) avtomototransport vositasi va (yoki) uning qismlarini tayyorlash bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish huquqini beradi.

2. Avtomototransport vositasini qayta jihozlashga ruxsatnoma. Avtomototransport vositasini qayta jihozlashning aniq turi bo‘yicha, agar guvohnomada jihozlashning ushbu turi keltirilmagan bo‘lsa, bir martalik faoliyatni amalga oshirish uchun tadbirkorlik sub'yektiga beriladi.

Ma'lumot uchun: avtomototransport vositasini qayta jihozlash – boshqa model va modifikatsiyalarning agregat va uzellari, ehtiyot qismlari va butlovchi detallaridan foydalangan holda avtomototransport vositasi konstruksiyasi va tarkibiy qismlarining elementlariga o‘zgartirishlar kiritish. 

Guvohnoma va ruxsatnomaning amal qilish muddati – 1 yil.  Ularni olish uchun berilgan ariza 15 ish kunidan oshmagan muddatda ko‘rib chiqiladi. 

Guvohnoma berish tartibi

Guvohnoma olish uchun tadbirkorlik sub'yekti YHXBBga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

• belgilangan shaklda guvohnoma berish to‘g‘risida ariza;
• namunalarning YHX sohasida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi yuzasidan o‘tkazilgan qabul sinov dalolatnomasining nusxasi;
• tegishli tashkilot standartining (Ts) nusxasi – avtomototransport vositasini qayta jihozlashning aniq turi va (yoki) aniq marka va modeldagi avtomototransport vositasi va (yoki) uning qismlarini tayyorlash bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun tadbirkorlik sub'yektiga belgilangan tartibda berilgan hujjat.

Avtotransport vositalariga gaz ballon jihozlarini o‘rnatish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub'yekti ularning alohida modellari konstruksiyasining texnik loyihasi nusxasini ham taqdim etadi. YHXBB boshqa zarur hujjatlarni tegishli organlardan mustaqil ravishda so‘rab oladi.

Tadbirkorlik sub'yekti o‘zi tomonidan qayta jihozlangan avtomototransport vositasi egasiga qayta jihozlash amalga oshirilganligi haqida yozuv kiritilgan guvohnoma nusxasini beradi. Mazkur guvohnoma nusxasi qayta jihozlangan avtomototransport vositasini DYHXX organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish) uchun asos hisoblanadi.

Ruxsatnoma berish tartibi

Avtomototransport vositasini qayta jihozlashga ruxsatnoma tadbirkorlik sub'yektiga uning egasining (yuridik yoki jismoniy shaxsning) arizasiga asosan beriladi. Arizaga quyidagi hujjatlarning nusxalari ilova qilinadi:

• egasining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar;
• avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tish guvohnomasi (texnik pasport, texnik talon) yoki avtomototransport vositasining mazkur egaga tegishli ekanligini tasdiqlovchi boshqa hujjat nusxasi.

Avtomototransport vositasining egasi qayta jihozlash uchun tashkilotni tanlash huquqiga ega, bu haqda arizada ko‘rsatiladi. Ariza qanoatlantirilgach, YHXBB ushbu avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan joydagi tegishli hududiy YHXBga ruxsatnomaning nusxasini yuboradi. U yerda qayta jihozlash o‘tkazilgandan keyin qayta ro‘yxatdan o‘tkazish amalga oshiriladi.

YHXBBda arizani ko‘rib chiqish, guvohnoma va ruxsatnomani berish, qayta rasmiylashtirish, amal qilish muddatini uzaytirish va dublikatini berish uchun yig‘im undirilmaydi.

Hujjat 26.02.2018 yildan kuchga kirdi.

Top