Jahon | 17:30 / 04.03.2018
11739
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh KXDR bilan muzokara o‘tkazishi shartini ma'lum qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp «Gridiron» klubida jurnalistlar bilan suhbat vaqtida ma'lum qildiki, u KXDR bilan muzokara o‘tkazishga qarshi bo‘lmaydi. Uning aytishicha, buning uchun rasmiy Pxenyan yadro qurolidan voz kechishi talab etiladi.

«Biz uchrashib ko‘ramiz, ko‘ramiz bundan naf chiqarmikin»,— deya Trampning so‘zlarini keltirgan Reuters.

Agentlik xabarida qayd etilishicha, AQSh prezidenti rasmiy muzokaralar haqidagi gapini jiddiy aytganmi, hazillashganmi, aniqlab bo‘lmagan.

«Kim Chen In bilan uchrashuv bo‘lishi mumkinligini istisno etmayman»,— deya qo‘shimcha qilgan Donald Tramp.

Bundan avvalroq KXDR TIV rahbari, Pxenyan agar oldindan shartlar qo‘yilmasa, Vashington bilan muzokaralar boshlanishini ma'lum qilgandi.

Shuningdek, Janubiy Koreya prezidenti Mun Je In 5 mart kuni Shimoliy Koreyaga ikki maxsus elchisini jo‘natishi, ularni yuborishdan maqsad ikki davlatning yaqinlashishi hamda Pxenyan va Vashington o‘rtasida muloqotni mustahkamlashdan iborat ekani xabar qilingan.

Mavzuga oid