Jahon | 19:40 / 04.03.2018
13771
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘ron 227 yil avval AQShning birinchi prezidenti tomonidan o‘tqazilgan daraxtga shikast yetkazdi

Foto: Jacquelyn Martin

Joriy hafta oxirida AQShning shimoli-sharqiga yopirilgan bo‘ron vaqtida AQShning asoschisi va birinchi prezidenti Jorj Vashington tomonidan 227 yil avval o‘tqazilgan kanada tsugasiga (ignabargli daraxt) shikast yetdi. Bu haqda ushbu daraxt o‘sgan, Vashingtonning Virjiniya shtatidagi Maunt-Vernon makonining Facebook’dagi sahifasida ma'lum qilingan. 

Natijada sershox daraxt singan va undan bir necha metr keladigan tanasigina qolgan. Shuningdek, kuchli shamol vaqtida Vashingtonning qabri yonida ekilgan Virjiniya kedri ham singan. 

foto: Jacquelyn Martin

Vashington o‘tqazgan daraxt unga Nyu-York gubernatori Jorj Klinton tomonidan sovg‘a qilingan bo‘lgan. 

Maunt-Vernon makoni Potomak daryosi sohilida, AQSh poytaxti Vashingtondan 24 km janubda joylashgan. Makon hududida ikki qavatli bino, otxona, bog‘lar mavjud. Vashington ushbu makonga prezident lavozimini tark etgach qaytib kelgan va u yerda 1799 yilda vafot etgan. U va uning rafiqasi Marta ular yashagan uy yaqinida dafn qilinganlar.

foto: Jacquelyn Martin

AQSh shimoli-sharqidagi bo‘ron shuningdek 8 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Ularning barchasi qulagan daraxtlar ostida qolganlar. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 13 ta shtatda yashovchi 2 mln kishi elektr ta'minotisiz qolgan. Hozirda AQShning sharqiy sohilidagi shamol tin olib, bo‘ron Atlantika tomon yo‘nalmoqda.

foto: Jacquelyn Martin
foto: Jacquelyn Martin

 

Mavzuga oid