Jahon | 21:40 / 04.03.2018
23989
2 daqiqa o‘qiladi

Putin AQShga saylovlarga aralashishda ayblanganlar berilmasligini aytdi

Foto: RIA Novosti / Maksim Blinov

Rossiya AQShdagi 2016 yilgi prezident saylovlariga aralashishda ayblangan o‘z fuqarolarini AQShga bermaydi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin NBC telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan. 

“Hech qachon. Rossiya AQSh kabi hech qachon o‘z fuqarolarini kimgadir topshirmaydi”, deb aytgan Putin. 

Putinning aytishicha, ayblanganlar Rossiya hukumatini taqdim qilmaganlar. “Ular aynan nima qilishganidan umuman bexabarman”, deb aytgan Putin.

Putin amerikalik hamkasblarini “matbuot bilan gaplashish” o‘rniga ushbu ayblovga tegishli materiallarni jo‘natishga chaqirgan. “Biz buni ko‘rib chiqishga va bu haqda gaplashishga tayyormiz”, deb aytgan Putin.

AQShning maxsus prokurori Robert Myullerning ofisi Rossiyaning AQShdagi saylovlarga aralashuvi ishini tergov qilmoqda. Fevralda idora ushbu ishda gumon qilinayotgan shaxslarga nisbatan ayblov xulosasini chop etgan. 

9 oy davomida tayyorlangan bu hujjat 40 ga yaqin sahifaga ega. Unda 13 rossiyalik ismi eslab o‘tilgan. Maxsus prokuror ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu rossiyaliklarning barchasi AQSh prezidenti saylovlari natijalariga ta'sir qilmoqchi bo‘lishgan, biroq buning uddasidan chiqishmagan.

Mavzuga oid