O‘zbekiston | 03:03 / 15.03.2018
4658
2 daqiqa o‘qiladi

KfW taraqqiyot banki O‘zbekistondagi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari modernizatsiyasiga 9 million yevro ajratadi

Foto: Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi

O‘zbekiston va Germaniya Federativ Respublikasi (GFR) o‘rtasidagi Hukumatlararo muzokaralar yakunlariga ko‘ra erishilgan kelishuvlarga muvofiq, 2017 yilning 18-19 iyulida Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda "Sog‘liqni saqlash" dasturining uchinchi fazasini moliyalashtirish to‘g‘risidagi shartnoma loyihasini ishlab chiqdi. Loyiha KfW taraqqiyot banki misolida GFR hukumatining beg‘araz mablag‘lari hisobiga ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarini modernizatsiya qilishni ko‘zda tutadi. 

Mazkur dasturni amalga oshirish doirasida tibbiyot uskunalari ekspluatatsiyasi, texnik xizmat ko‘rsatish, shuningdek tibbiy yordam ko‘rsatishning yangi usullarini joriy qilish uchun 9 million yevro beg‘araz mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

Kuni kecha ushbu loyihani amalga oshirish doirasidagi shartnomani imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Hujjat O‘zbekistonning Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev hamda KfW Osiyo banki sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘i Ameli D'Suza xonim va loyiha menejyeri Andrea Graykarlar tomonidan imzolandi. 

Ma'lumot uchun: KfW taraqqiyot banki - «KfW Bankengruppe» moliyaviy guruhi a'zosi mamlakatlar bilan moliyaviy hamkorlik uchun javobgar. Bank O‘zbekistondagi faoliyatiga 1993 yilda start bergan va hozirga kelib, uning moliyalashtirish ko‘lami 268,5 million yevroni tashkil qiladi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi va sog‘liqni saqlash kabi yo‘nalishlarni o‘ziga qamrab oladi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid