16:39 / 15.03.2018
18871

Sud binosiga mobil telefon, audio, foto va video qayd etish vositalarini olib kirish taqiqlandi

Foto: Total.kz

Sudlar, sud protsesslari va ular ishtirokchilarining xavfsizligini ta'minlash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.

Yo‘riqnomaga binoan, sudlar, sud protsessi va ishtirokchilari hamda ularning yaqin qarindoshlari xavfsizligini ta'minlash ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Sudga tashrif buyuruvchi shaxslar sud binosiga shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida kirib chiqadi. 

Sud binosiga quyidagi buyum va vositalarni olib kirish taqiqlandi:

mobil telefon, audio, foto va video qayd etish vositalari hamda elektron ma'lumot tashuvchi va uzatuvchi uskunalar;

o‘qotar qurol, portlovchi, zaharli, radioaktiv hamda boshqa kuchli ta'sir etuvchi kimyoviy moddalar, qo‘llanilishi (foydalanilishi) atrofdagilar xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa buyum va vositalar.

Sudga tashrif buyuruvchi shaxslar o‘zlari tomonidan olib kelingan sud binosiga olib kirish taqiqlangan buyumlarni sud ma'muriyati tomonidan maxsus ajratilgan joylarda qoldirishi hamda sud binosidan chiqishda o‘zi bilan olib ketishi kerakligi belgilandi.

Sud binosining nazorat o‘tkazish punktida xavfsizlikni ta'minlash maqsadida xizmat olib borayotgan qo‘riqlash xizmati xodimlari sudga tashrif buyuruvchilar va ularning buyumlarini metallodetektorlardan foydalangan holda tekshirishi mumkin. 

Mavzuga oid
Top