Jahon | 12:29 / 24.03.2018
26004
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada taniqli xonanda Erdo‘g‘anni haqorat qilgani uchun 10 oyga qamaldi

Foto: AS Haber

Turkiyalik xonanda Zuhal O‘ljay mamlakat prezidenti Rajab Erdo‘g‘anni haqorat qilgani uchun o‘n oylik qamoq jazosiga mahkum etildi, deb xabar bermoqda Hurriyet nashri.

O‘ljay 2017 yilning dekabr oyida tashkil etilgan konsertda chiqish qilib, o‘zining «Bo‘sh dunyo» qo‘shig‘i so‘zlarini qo‘qqisdan o‘zgartirib yuborib, unga prezidentning nomini qo‘shgan. Natijada sahnadan shunday so‘zlar eshitilgan: «Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, hammasi bo‘sh, hammasi yolg‘on. Bir kun kelib bu hayot tugaydi, va sizlar: “Bu tush edi” deysizlar». Shu bilan birga, O‘ljay haqoratli ishorani ko‘rsatgan. Aslida esa qo‘shiq shunday bo‘lishi kerak edi: «Ish, nufuz, karera, pullar – hammasi bo‘sh, hammasi yolg‘on», deya yozadi gazeta.

Xonandaning chiqishi videoga olindi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar e'tiborini tortdi. Turkiyada prezidentni haqorat qilganlik uchun to‘rt yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi nazarda tutilgan. Prokuratura O‘ljay uchun maksimal muddat so‘radi.

Xonandaning o‘zi esa yomon hech narsani nazarda tutmagani haqida aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, haqoratli ishorasi tomoshabinlardan biriga qaratilgan bo‘lgan. Shu bilan birga, O‘ljay 2010 yilda ham davlat xizmatchisini haqorat qilgani uchun jarimaga tortilgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid