Jahon | 23:00 / 26.03.2018
18145
2 daqiqa o‘qiladi

Yana 4 davlat «diplomatlarni chiqarib yuborish kampaniyasi»iga qo‘shildi

Foto: AFP

Ispaniya Buyuk Britaniya yerida rossiyalik sobiq josusga uyushtirilgan suiqasdda Rossiya ayblanishi ortida bu mamlakatning o‘z hududidagi diplomatlarini chiqarib yuborishini ma'lum qildi.

Europa Press tarqatgan xabarga ko‘ra, Ispaniya ikki nafar rossiyalik diplomatni vataniga qaytaradi.

Xabarda bu «Ispaniyaning Buyuk Britaniya bilan birdamligi belgisi» ekani qayd etilgan.

Shuningdek, Albaniya, Vengriya va Norvegiya ham «Skripal ishi» doirasida bir nafardan rossiyalik diplomatni chiqarib yuborishini ma'lum qildi.

Bugun AQSh, Kanada, Ukraina va Yevropa Ittifoqining 14 davlati Buyuk Britaniyaga birdamlik belgisi sifatida rossiyalik diplomatlarni o‘z hududlaridan chiqarib yuborishi haqida e'lon qildi. Shuningdek, AQSh Sietldagi Rossiya bosh konsulxonasi yopilishini ma'lum qildi.

G‘arb davlatlari 22 martdan buyon Rossiyani o‘z hududida kuch ishlatishda ayblagan Buyuk Britaniyani qo‘llab-quvvatlashini bildirib kelmoqda.

Buyuk Britaniya hukumati 4 mart kuni Angliya janubidagi Solsberi shahrida Razvedka boshqarmasining sobiq josusi, Buyuk Britaniya foydasiga ishlagan Sergey Skripal hamda uning qizini zaharlanishi ortida Rossiya turganini ma'lum qilgan, bu harakati orqali «Rossiya Buyuk Britaniya xavfsizligiga yuqori darajada xavf solgani»ni ta'kidlagandi.

Ayni vaqtga kelib quyidagi davlatlar Rossiya diplomatlarini chiqarib yuborishini ma'lum qildi:

Buyuk Britaniya — 23 diplomat;
AQSh — 60;
Ukraina — 13;
Fransiya — 4;
Polsha — 4;
Kanada — 4;
Litva — 3;
Daniya — 2;
Italiya — 2;
Niderlandiya — 2;
Germaniya — 4;
Chexiya —1;
Estoniya — 1;
Latviya — 2;
Finlyandiya — 1;
Ruminiya — 1;
Xorvatiya — 1
Ispaniya — 4;
Norvegiya — 1;
Albaniya — 1
Vengriya — 1.

Mavzuga oid