Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Uy qulamaydigan bo‘ldi: hokim fuqaroning uyini tiklab, o‘zini biznesga yo‘naltiradi, faqat...
O‘zbekistonda bugun islohotlar sur'ati jadal. Xalq va hukumat o‘rtasida ochiqlik, shaffoflik va huquqiy asoslarga tayangan ijtimoiy munosabatlar olib borilmoqda. KUN.UZ tahririyatiga har kuni keladigan yuzlab murojaatlarni ko‘rar ekansiz, ayrim hollarda xalq va hukumat vakillari o‘rtasida yuzaga kelgan anglashmovchilik va buning oqibatida paydo bo‘lgan muammolar chigal holatga kelganining guvohi bo‘lasiz. Xuddi ana shunday holat Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida ham ko‘zga tashlandi.
Gap shundaki, 2017 yilning 25 avgust kuni KUN.UZ saytida “Diqqat, uy qulayapti! Zudlik bilan bir oilaga yordam kerak” sarlavhasi ostida xayriya aksiyasi o‘tkazilgan edi. Unda mazkur tumanning Yakkabog‘ qo‘rg‘onchasi, “Tortorguzar” mahallasining 23-uyida istiqomat qiluvchi 60 yashar Qumri Fayziyeva haqda so‘z boradi. Uning uyi juda xavfli holatga kelib qolgan bo‘lib, buning oqibatida u yer yashashga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan bo‘lib qolgan. Tahririyat tomonidan bu masalada xayriya aksiyasi o‘tkazildi va saxovatli insonlar ko‘magida 5 million so‘m atrofida pul yig‘ildi. Biz Qumri Fayziyevning muammosi yechildimi yoki yo‘q, shu masalada u kishining xonadoniga yana bir bor tashrif buyurdik.
Borganimizda uy holati hamon o‘shanday edi. Yonimizda bizga hamroh bo‘lgan hokimiyat vakillari xonadon egalari aslida boshqa bir uyda yashashlari, avariya holatiga kelib qolgan uyda oila a'zolaridan hech kim yashamasligini aytdi. Biz xonadon egasi Qumri xolani suhbatga tortdik.
- Xayriya aksiyasidan tushgan pullarga gaz plitalari, gilamlar oldik. Sharoitimiz shuni talab etdi. Uy masalasida tuman hokimiyatiga bordim. Juda ko‘p bordim, ammo ular eshitishni istashmadi, mening avariya holatiga tushib qolgan uyimni ta'mirlab berishni istashmadi. Mahallamiz fuqarolar yig‘iniga ham bir necha marotaba uchrashganman. Tuman rahbarlari doim menga “uyingizning ta'mirlanishi ikki-uch oydan nariga o‘tmaydi, bitirib beramiz”, deb faqat quruq va'dalar berib kelishdi. Ammo birorta aytilingan so‘zning ustidan chiqilmadi.

Bizga shu kuni hokimiyat va mahalla yig‘inidan kelgan mutasaddilar Qumri Fayziyevaga hokimiyat tomonidan ona-bola qoramol ajratilinganini aytishdi. Lekin borganimizda biz qoramollarni ko‘rmadik. Hovlining bir chetida mustahkam etib qurilgan ikki xonali uyda oila a'zolari yashab kelayotganining ham guvohi bo‘ldik. Shunday bo‘lsa-da, o‘sha safarimiz chog‘ida Qumri Fayziyevaga hokimiyat tomonidan moddiy rag‘bat ajratilishi ta'kidlandi.
Oradan bir necha kun o‘tib, Xuddi shu mahallada yashovchi yana bir fuqaro – Ibodat Xidirovadan tahririyatimizga murojaat xati kelib tushdi. Unda ayol oilada yolg‘iz boquvchi ekanligi, kollejni bitirgan o‘g‘li va kelini, shuningdek, qizi ishsizligi, bu borada hokimiyatga qilingan murojaatlar besamar ketganligi tilga olingan.
19 mart kuni yana Yakkabog‘ sari yo‘l oldik. Bahonada Qumri Fayziyevani ham ko‘rib ketishni istadik. Tuman hokimi Jahongir Boboyev bilan ko‘rishdik. U kishi bizni qabul qilib, murojaatlar mazmuni bilan tanishdi va o‘sha kuni tumanda o‘tayotgan Navro‘z tantanasi bo‘lishiga qaramay ikki fuqaro – Qumri Fayziyeva va Ibodat Xidirovni shaxsan qabul qilib, ularni tingladi.

Ibodat Xidirovaning muammosiga to‘xtalar ekan, tuman hokimi tegishli mutasaddilarga ko‘rsatma berdi, ayolning o‘g‘li tuman obodonchiligi boshqarmasiga inspektor sifatida, kelini bog‘cha opa sifatida va qizi ham tumanda mavjud vakansiyalar asosida ishga joylashadigan bo‘ldi. Ammo Qumri Fayziyevaning masalasi...

Yuqorida ta'kidlaganimizdek, avvalo, ayolning turmush tarzini yaxshilash maqsadida tahririyatimiz tomonidan xayriya aksiyasi tashkil etilib, 7 mln so‘m atrofida pul yig‘ilgan. Ammo to‘plangan pullar uyni buzib, qayta qurishga yetmaganligi uchunmi yoki opaning o‘zlari aytganidek, sharoit talabi bilan maishiy buyumlar sotib olingani sababmi u pullar uy qurilishiga ishlatilinmagan. Bundan tashqari, opaning o‘zi, “Toza hudud” boshqarmasida ishlayotgan o‘g‘li va tuman Markaziy shifoxonasida ishlovchi kelini nafaqa va maosh olishlari sabab, bu oila kam ta'minlangan oilaga kiritilmas ekan. Hokimiyat ham uy ta'miri uchun 7 mln pul ajratgan ekan. Masalani o‘rganar ekan, tuman hokimi shunday qarorga keldi:
- Men eski uyingizni ta'mirlash uchun hokimiyat tomonidan 14 mln so‘m pul ajrataman. Quruvchilarning o‘zlari borib, ishlarini boshlab yuborishadi. Faqat bitta shart bilan, ya'ni men sizga 150 dona zotdor tovuq olib beraman, hovlingiz chetida ular uchun katak ham qurib berishadi. Yem-hashagini ham hokimiyat ko‘taradi. Tuxumlarni sotib oluvchi mijoz ham topib beraman. Siz ularni chiroyli parvarishlab, kunlik yemini berib, tuxumlarni sotasiz. Bank sizni qarzingni to‘la deb qistamaydi. Aytmoqchi bo‘lganim, shu biznesni yo‘lga qo‘yib, oilaning moddiy holatini yaxshilaysiz. Keyinchalik tovuqlaringiz sonini yanada ko‘paytirib beraman.

Ammo Qumri Fayziyevaning aytishiga qaraganda, “uning qon bosimi bor ekan, shu sabab tovuqlarga qaray olmas ekan...”. Shu nuqtada voqealar rivoji, ochig‘i, biznida hayratga soldi. To‘g‘ri, hokim ikki fuqaroning muammosini hal etish yo‘lida turli ko‘rsatmalar berdi, bu va'dalarni bajarish uchun amaliy harakat zarur. Ammo fuqaro ham hokimiyatga yordamchi bo‘lsa, bor imkoniyatlardan unumli foydalanib o‘zi va yaqinlari uchun harakatda bo‘lsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Har holda biz shunday fikrdamiz. Chunki ayni zamon, ayni davrimiz shuni talab etyapti. Biz esa voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri
Mavzuga oid
12:07 / 25.02.2026
Kiberfiribgarlik: bemor bolalar uchun xayriya videolari orqali pul yig‘gan shaxs ushlandi
21:57 / 16.02.2026
Ramazon oyidagi xayriya tadbirlariga 1 trillion so‘m ajratiladi
12:37 / 19.12.2025
Yakkabog‘ hokimligining o‘zbek “demokratiyasi”ga qarshiligi sindi. Qayrag‘och aholisi suv bilan ta’minlanadi
16:14 / 18.12.2025