“Men 60 yoshni qarshi olgan nafaqadagi ayolman. Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani, Eski Yakkabog‘ qo‘rg‘onchasi, “Tortorguzar” mahallasi, 23-uyda yashayman. Ba’zi ayollar kabi men ham baxtli ona bo‘lishga haqli edim, ammo hayotning achchiq zarbasi taqdirimni o‘zgartirib yubordi. Turmush qurmadim.
Men oddiygina kambag‘al oilada tug‘ilganman. Boriga shukr, yo‘g‘iga qanoat qilib yashadim. Biz vayrona uyda yashaymiz. Bahor va qishda tomimizdan chakka o‘tib turadi. Shuning uchun ham bahor va qish keldi, deguncha yuragim bezillaydi. Biz ota-onamdan qolgan, 70 yil ilgari qurilgan uyda yashaymiz. Shu vayrona kulbada nogiron ukam, uning xotini ikki farzandi bilan birga istiqomat qilamiz. Biz ota-onadan 4 farzand qolgan edik. Bir akam va ukam oila qurib alohida yashaydi. Beshafqat taqdirni qarang-ki, yoshgina akamni bevaqt o‘lim hayotdan erta olib ketdi. Ukalarimni uyli joyli qilish uchun ko‘plab mashaqqatlarni boshimdan o‘tkazdim. Turmushga chiqib, oila qurishga vaqtim ham bo‘lmabdi. Turmush va ro‘zg‘or tashvishlari hamon meni o‘z domiga tortadi.
Oylar, yillar o‘tib, yoshim o‘tganini ham sezmay qolibman, qolaversa, nogiron ukamni boqish mening zimmamda edi. Mana uch yildirki ukam ham kommunal xizmatda ko‘cha tozalovchi bo‘lib ishlaydi. Xotini esa shifoxonada farrosh. Oladigan maoshlari kam, ro‘zg‘ordan, bola-chaqasidan ortmaydi. Men ham shifoxonada 30 yil farrosh bo‘lib ishlab, nafaqaga chiqqanman.
Men uy-joyimni ta’mirlash maqsadida tuman hokimligiga, MFY raisiga bir necha marotaba murojaat qilganman, ular esa qilib beramiz, degan va’dadan nariga o‘tishmaydi. Ulardan natija yo‘q. Men esa boraverib charchadim. Xullas, ishonchim ham so‘ndi. Bir kambag‘al bechorani kim ham tinglaydi. Ba’zan shunday nohaqliklarni ko‘rib, dunyoga sig‘may ketaman, na chora osmon uzoq, yer qattiq. Vayrona kulbada bir kun kelib, uyimiz qulashidan qo‘rqib yashaymiz. Qanday qilsak ekan, deb boshimiz qotgan”.
Biz mazkur murojaatda tilga olingan holatlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish maqsadida ko‘rsatilgan manzil tomon yo‘l oldik. Borib, ko‘rgach amin bo‘ldikki, sharoit haqiqatdan ham og‘ir. Inson atalmish mavjudot ana shunday hasratli sharoitda sabr bilan yashab, umr kechirayotgani, avvalo, tahsinga loyiq. Ammo bizni boshqa masala o‘ylantiradi...
Murojaatda aytilganidek, tuman rahbariyatining bu masalaga ko‘z yumayotgani, ular ham mayli, shu odamlar bilan birga nafas olayotgan mahalla raisining befarqligi kishini o‘ylantiradi. Mana shu xonadonga kelgan kishi, qo‘pol qilib aytsa-da, bu yerda inson zoti yashaydi, degan xayolga kelmaydi.
Ojizalar, murg‘ak qalblar va bir nogiron erkak istiqomat qilayotgan mazkur uy istalgan payt yer bilan yakson bo‘lishi mumkin. Buni uning holati ham ma’lum qilib turibdi. Suv chiqmaydigan, gazlashtirish yetib kelmagan mazkur xonadon xarobaga aylangan. Qumri xola bilan gaplashar ekanmiz, u kishining samimiy ohangda, “ biz ham yaxshi uylarda yashasak, shu kun menga nasib etarmikan?”, deyishi inson ko‘nglini allanechuk g‘amga cho‘ktiradi.
Mazkur xonadonga saxovat qo‘lini cho‘zib, ularga uy olishda amaliy yordam ko‘rsatadigan, moddiy yordam qilib, ulkan savob ostida qolishni istovchilar uchun qo‘shimcha ma’lumotlar:
Plastik karta raqami: 8600 0423 9322 0891
Qumri Fayziyevaning telefon raqamlari: +998914599973










