12:07 / 27.03.2018
12716

Dunyoning eng yirik moliyaviy markazlarining yangi reytingi ma'lum qilindi 

Foto: Reuters

London Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqini tark etish qaroriga qaramay, dunyoning eng yirik moliyaviy markazlari ro‘yxatida 1-o‘rinda qoldi. Bu haqda yarim yil ichida bir marta Global Financial Centres Index (GFCI) indikatorini hisoblab chiquvchi Z/Yen Group Ltd moliyaviy konsalting kompaniyasi sharhida aytilgan. 

Shuningdek, Nyu-York ham ro‘yxatda 2-o‘rinni saqlab qolgan, biroq uning Londondan ortda qolishi keskin qisqargan. Endi bu ikki shaharni bor-yo‘g‘i 1 punkt ajratib turibdi.

3-o‘rinni Hongkong va 4-o‘rinni Singapur egallagan. Tokio esa 5-o‘rinda. Yetakchi o‘ntalikdan shuningdek Shanxay, Toronto, San-Frantsisko, Sidney va Boston o‘rin olgan, Tsyurix va Pekin esa aksincha o‘ntalikni tark etgan. 

Umuman olganda, Z/Yen mutaxassislari yetakchi 25 ta xalqaro moliya markaziga ishonch oshganini aytishmoqda, ularning reytinglari oshmoqda. Shu bilan birga oxirgi 50 ta o‘rinni egallagan markazlarga ishonch ko‘rsatkichlari kamaymoqda. 

London ortidan G‘arbiy Yevropaning eng ahamiyatli moliyaviy markazi Tsyurix bo‘ldi, u 16-o‘rinni egallamoqda. 

Vashington va Monrealdan tashqari, Shimoliy Amerika shaharlari o‘z pozitsiyalarini ancha yaxshilaganlar. Jumladan, San-Frantsisko 9 pog‘onaga ko‘tarilib, yetakchi o‘ntalikka kirgan. 

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoning ko‘plab moliya markazlari salbiy dinamikani namoyish qilgan. Jumladan, Tallin va Riga 30 pog‘onaga tushib ketgan. Shu bilan birga Moskva, Kipr va Istanbul o‘z pozitsiyalarini yaxshilab olgan, Ostona va Boku esa ro‘yxatga ilk bor kiritildi. Varshava Sharqiy Yevropaning yetakchi moliya markazi deb topilgan (45-o‘rin).

Dubay Yaqin Sharqning eng yirik moliyaviy markazlari orasida yetakchi o‘rinni, 2-o‘rinni esa Abu-Dabi egallamoqda (umumiy ro‘yxatda mos ravishda 19- va 25-o‘rinlar). Afrikada ushbu borada Kasablanka (32-o‘rin), Lotin Amerikasida Kayman (22-o‘rin) va Bermud orollari (36-o‘rin) yetakchilik qilmoqda.

Moliyaviy markazlar reytingi ilk bor 2007 yilda chop etilgan. U har yarim yilda 3 mingdan ko‘proq professionallar so‘rov qilinishi asosida yangilanib boradi. Joriy reyting 22-sonlisi bo‘ldi. Reytingda 5 guruh ko‘rsatkichlar (jami 102 ta individual omil) hisobga olinadi: biznes-vaziyat, moliya, infratuzilma, inson kapitali va nufuz. 

Ro‘yxatni tuzishda umumiy hisobda 96 ta shahar ko‘rib chiqilgan. 

 

Mavzuga oid
Top