O‘zbekiston | 01:08 / 28.03.2018
6696
3 daqiqa o‘qiladi

Nogironligi bo‘lgan shaxslar muammolarini hal qilishda xorij tajribasi o‘rganiladi

O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasining DPI (Xalqaro Nogironlar Tashkiloti)ga qo‘shilishi xalqaro tajriba bilan yaqindan tanishish, nogironligi bo‘lgan shaxslar muammolarining dunyo miqyosida qanday yechilishini o‘rganish va ularni O‘zbekistonda tatbiq qilish imkonini beradi. Nogironlar Assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov KUN.UZ muxbiriga shu haqida ma'lum qildi.

"Assotsiatsiyaning DPI'ga qo‘shilishi xalqaro tajriba bilan yaqindan tanishish, nogironligi bo‘lgan shaxslar muammolarining dunyo miqyosida qanday yechilishini o‘rganish va ularni O‘zbekistonda tatbiq qilish imkonini beradi. Masalan, biz davlat tashkilotlari vakillari bilan uchrashganimizda, ular bilan suhbatlashganimizda Finlyandiya yoki Germaniyada nogironlar muammolari bunday yoki unday hal qilinar ekan deb aytamiz. Yoki misol uchun, Finlyandiyada ijtimoiy taksi bor - bu nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga va uyga bepul olib boruvchi xizmat turi. Bu kabi narsalarni faqat o‘zimiz ko‘rib, bilib, tajriba orttirib, amalga oshira olamiz", - deydi Oybek Isoqov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, DPI tashkilotida 163 ta davlatning Nogironlar Assotsiatsiyalari a'zo. Hozircha ular orasida O‘zbekiston yo‘q. Bunga esa mamlakatda shu kunga qadar barcha nogironlarni birlashtiruvchi Nogironlar Assotsiatsiyasining bo‘lmagani sababdir. "O‘zbekistonda  nogironlar bilan ishlovchi 76 ta nodavlat notijorat tashkilot bor, Xalqaro Nogironlar Tashkiloti ularning har birini o‘z tarkibiga alohida qo‘sha olmaydi, ularni jamlovchi tashkilot bo‘lgandagina qabul qilish imkoni paydo bo‘lardi", - deya izoh beradi rais.

Bundan tashqari, Nogironlar Assotsiatsiyasi raisining KUN.UZ muxbirining nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulaylik yaratuvchi innovatsion texnologiyalar borasidagi savoliga javoban ma'lum qilishicha, kelgusida O‘zbekistonda ham 3D-bosma orqali protezlarni tayyorlash rejada bor. "Sababi 3D-bosmadan chiquvchi protezlar aynan muayyan qo‘l yoki oyoqqa moslab tayyorlanadi. Bizda chiqadigan protezlar esa xuddi konveyer kabi - hamma uchun bir xil. Bu kimningdir oyog‘i yo qo‘liga to‘g‘ri kelmasligi mumkin. 3D-bosmada hatto nerv va mushaklargacha inobatga olinadi, ya'ni nogironligi bo‘lgan shaxsga buyurtma sifatida tayyorlanadi. Bu ham bir xalqaro tajriba", - deydi mutaxassis.

Mavzuga oid