19:06 / 29.03.2018
6914

O‘zbekiston va Qozog‘iston birgalikda birja savdolarini o‘tkazishga kelishib oldi

Foto: O‘zRTXB

“O‘zRTXB” AJ 2018 yilning 29 mart kuni Qozog‘iston birja tovar bozorining yetakchisi – “YeTS” Tovar birjasi” AJ va Yevropaning yetakchi birjalaridan biri – Moskva Birjasi OAJ (Rossiya) bilan birgalikda biznes uchrashuvini tashkil qildi. Bu haqda "O‘zRTXB" matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur uchrashuvda MDH davlatlari Xalqaro birjalar assotsiatsiyasi (MDH XBA) ijroiya direktori va O‘zbekiston Respublikasida birja faoliyatini litsenziyalovchi organ, ya'ni O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasining vakillari ham ishtirok etdilar.

Yuqorida ko‘rsatilgan birjalar rahbarlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida eksport-import yo‘nalishda birja savdolarini tashkillashtirish, o‘zaro aloqalar o‘rnatish va birja savdolarini va hisob-kitob kliring xizmatlarini amalga oshirish jarayonida hamkorlikni mustahkamlash va rag‘batlantirishni inobatga oluvchi o‘zaro kelishuvni imzolashdan iborat.

Shuningdek, Qozog‘iston va O‘zbekiston yirik tovar birjalari o‘zaro aloqalari masalasiga bag‘ishlangan uchrashuv davomida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha masalalar muhokama qilindi:

“O‘zRTXB” AJ va “YeTS” Tovar birjasi” AJ tovar bozorlari ishtirokchilari o‘rtasidagi birja savdo mexanizmini ishlab chiqish va tashkillashtirish;

“YeTS” Tovar birjasi” AJ orqali Qozog‘iston Respublikasiga mahalliy mahsulotlar eksportini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi tayyer mahsulot ishlab chiqaruvchi tashkilotlarni birja savdolariga jalb qilish;

Tsement, boshqa qurilish mollari, ko‘mir mahsulotlari va O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan iste'mol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi Qozog‘iston Respublikasi kompaniyalarini birja savdolariga jalb qilish;

Mahalliy mahsulot ishlab chiqaruvchilarining eksport hajmini oshirish maqsadida Qozog‘iston Respublikasida “O‘zRTXB” AJ savdo maydonchalarini ochish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish.

Imzolangan kelishuv ikki tomon birja vakillaridan iborat tegishli ishchi guruhini tashkil qilish, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida eksport-import birja savdolarini amalga oshirish uchun tovarlar ro‘yxatini aniqlash, hamda sinov birja savdolarini amalga oshirish muddatlarini belgilaydi.
           
Moskva Birjasi OAJ bilan birgalikda birja fyuchers bozorlarini tashkillashtirish bo‘yicha tajriba almashish, shu jumladan birja tovarlari bo‘yicha fyuchers shartnomalari savdosini amalga oshirish mexanizmini o‘rganish masalasi muhokama qilindi.

Shuningdek, “O‘zRTXB” AJ 2004 yildan beri a'zo bo‘lgan MDH davlatlari XBA Ijroiya direktori bilan muzokara olib borildi. Uchrashuv davomida MDH davlatlarining boshqa birjalari bilan o‘zaro hamkorlik va tajriba almashinuvi masalalari, shu jumladan tabiiy gazni birja savdolari orqali sotish mexanizmini o‘rganish va savdo ishtirokchilari (kontragentlar) o‘rtasida o‘zaro hisob-kitoblarni o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari ko‘rib chiqildi.

Tashrif yakunida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi va “O‘zRTXB” AJ va “YeTS” Tovar birjasi” AJ orasidagi hamkorlik kelishuvi imzolandi hamda ushbu kelishuvni ijro etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tayyorlandi.

 

Top