Jamiyat | 00:05 / 30.03.2018
8353
4 daqiqa o‘qiladi

Andijon yong‘in xavfsizligi boshqarmasi “O‘zbegim” ko‘ngilochar majmuasida amaliy mashg‘ulot o‘tkazdi

Foto: Andijon viloyati IIB YoXB

Rossiya federatsiyasining Kemerovo viloyatidagi ko‘ngilochar majmuada sodir bo‘lgan yong‘inning og‘ir oqibatlari haqida bugun barcha ogoh bo‘ldi. Bu kabi holatlarni yurtimizda takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslikdan ko‘zlangan maqsad ham fuqarolar xavfsizligi, tadbirkorlarning mol-mulkini himoya qilishdan iboratdir.

Andijon shahridagi «O‘zbegim» savdo va ko‘ngilochar majmuasida bo‘lib o‘tgan yong‘in o‘chirish amaliy taktik mashqidan ko‘zlangan maqsad ham fuqarolar xavfsizligini ta'minlash, yong‘in yoki boshqa noxush holatlarda sohaviy xizmat xodimlarining birgalikdagi harakatlarini muvofiqlashtirishga qaratildi.

Yong‘in o‘chirish amaliy taktik mashqida 32 nafar davlat yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari, Andijon shahar yong‘in xavfsizligi bo‘limidan 6 ta asosiy va 4 ta maxsus yong‘in o‘chirish avtomobillari, viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasidan 4 nafar, jamoat tartibini saqlash boshqarmasidan 2 ta avtoekipaj xodimlari bilan, favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan 2 ta qutqaruv bo‘linmasi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialidan 2 ta, elektr, gaz va suvoqova idoralaridan 1 tadan avariya qutqaruv guruhlari, ma'muriyat vakillari, 120 nafar maskan ishchi-xizmatchilari va fuqarolar ishtirok etdilar.

Foto: Andijon viloyati IIB YoXB

Mashg‘ulotda barcha xizmatlar o‘zlariga belgilangan vazifalarni bajarib, yong‘in o‘chiruvchilar shartli yong‘inni qisqa fursatda, sifatli bartaraf etdilar. Qutqaruvchilar, tibbiyot, gaz, elektr tarmoqlari idoralari xodimlari yong‘inlarni kam talafot bilan, jabrlanganlar sonining ortib ketishiga yo‘l qo‘ymasdan og‘ir oqibatlarning oldini olishga harakat qildilar.

Yakunida barcha tizim vakillari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘inda mutaxassislar xodimlarning xatti-harakatlariga baho berib, maskan ishchi-xizmatchilari, yong‘in o‘chiruvchilar, qutqaruv, tibbiyot va boshqa xizmatning yo‘l qo‘ygan kamchiliklari aytib o‘tildi.

Shu bilan birga, «O‘zbegim» savdo markazida xizmat qilayotgan 120 nafar ma'muriyat vakillari va ishchi xizmatchilar bilan birgalikda yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalaridan foydalanish, yong‘in va boshqa noxush holatlar sodir bo‘lganda qutqaruv rejasiga asosan qay tarzda harakatlanish tartibi bo‘yicha tushunchalar, ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklar yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

Foto: Andijon viloyati IIB YoXB

Kelgusida bu kabi mashg‘ulotlarning ko‘lamini kengaytirish orqali barcha xizmatlarning harakatlarini talab darajasida muvofiqlashtirish, xodimlarning yong‘in yoki boshqa noxush holatlarga tayyorgarlik darajasini oshirish muhim ekanligi ta'kidlandi.

Shuningdek, shu kabi maskanlarda profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, mutasaddilarning hushyorligini oshirish, fuqarolarning xavfsizlik talablariga amal qilish ko‘nikmalarini shakllantirish muhim ekanligi aytib o‘tildi. Bu borada mamlakatimiz miqyosida o‘tkazilayotgan chorshanba – yong‘inlar profilaktikasi kunida samarali ish tashkil etish katta ahamiyat kasb etishi e'tirof etildi.

Andijon viloyati IIB YoXB bosh mutaxassisi kapitan:
Ulug‘bek Qosimov

Mavzuga oid