Jamiyat | 17:40 / 30.03.2018
4905
3 daqiqa o‘qiladi

FHDYo, ayollar qo‘mitalari va «Oila» markazi xodimlari har yili malaka oshiradi

Foto: Depositphotos

Vazirlar Mahkamasining 26.03.2018 yildagi 229 va 230-son qarorlari bilan «Oila» markazi hamda oila institutini mustahkamlash sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarning faoliyat yuritishi tartibi belgilandi, deb yozmoqda Norma.

Yangi tashkil etilgan «Oila» markazi qanday ishlaydi

Prezidentning 2.02.2018 yildagi PF-5325-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi (keyingi o‘rinlarda - Markaz) tashkil etildi. Markaz oila institutini mustahkamlash va rivojlantirish hamda jamiyatda zamonaviy namunali oila mezonlarini joriy etish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan fundamental, innovatsion tadqiqotlarni tashkil etadi va o‘tkazadi.

Markaz tuzilmasiga markaziy apparat, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tumanlar (shaharlar) bo‘limlari kiritildi.

Quyidagilar muassasaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

• «Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat» kontseptual g‘oyasini hayotga tatbiq etish;
• oilaning reproduktiv salomatligi va demografik rivojlanishini kompleks o‘rganishni tashkil etish;
• zamonaviy oilani rivojlantirish, an'anaviy oilaviy qadriyatlar muammolari bo‘yicha tadqiqotlarni o‘tkazish;
• zamonaviy namunali oilaning mezonlarini belgilash;
• notinch va muammoli oilalarni aniqlash va ularning manzilli ro‘yxatlarini tuzish, ma'naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish, nizoli holatlarning oldini olish maqsadida ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish va boshqalar.

Sohada har yili malaka oshiriladi

«Oila» markazi boshqarmasi o‘z xodimlari, ayollar qo‘mitalari va FHDYo organlarining xodimlari, shuningdek oila institutini mustahkamlash bo‘yicha faoliyat yuritadigan boshqa tashkilotlar xodimlari uchun maxsus o‘quv kurslari tashkil etadi. Xodimlar muntazam, yiliga kamida bir marta tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha bepul asosda malaka oshirishdan o‘tishlari shart.

Malaka oshirish kurslarida o‘qish ikki hafta davomida ishdan ajralgan holda amalga oshiriladi. Bu davrda tinglovchilarning asosiy ish joyi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi saqlanib qoladi, shuningdek ta'lim olish joyiga bir marta borib kelish bo‘yicha sarflangan xarajatlar ularni yuborayotgan tomon hisobidan belgilangan tartibda qoplanadi. Bundan tashqari, ular yotoqxona bilan ta'minlanadi.

O‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun yetakchi ta'lim, tadqiqot va ilmiy muassasalarning xodimlari, shuningdek amaliyotchi mutaxassislar jalb etiladi. Kurslar joylarda tibbiyot kasb-hunar kollejlarining o‘quv xonalari va auditoriyalarida o‘tkaziladi.

Malaka oshirish kurslari tinglovchilarining bilimi suhbat asosida baholanadi. O‘quv dasturlaridan muvaffaqiyatli o‘tganlarga davlat namunasidagi sertifikat beriladi.

Hujjat 27.03.2018 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid