Jahon | 22:34 / 03.04.2018
7213
2 daqiqa o‘qiladi

AQShga kirish vizalari soni 13 foizga kamayib ketgani ma'lum qilindi 

Foto: AP Photo/Damian Dovarganes

AQSh hukumati tomonidan har oy xorijliklarga beriluvchi kirish vizalari miqdori joriy yilda 13 foizga qisqarib ketdi. Bundan AQSh davlat departamentining yangi rasmiy viza statistikasi darak bermoqda. 

Bu ma'lumotlarga ko‘ra, 2017 yil martidan 2018 yil fevraligacha har oy butun dunyo bo‘ylab turli toifadagi 754 ming 479 ta AQSh kirish vizalari taqdim qilingan. 2016 moliya yilida bu ko‘rsatkich 865 ming 124 tani tashkil qilgan. 2017 moliya yilida AQSh hukumati jami 9,682 mlnta kirish vizasi bergan. 2016 moliya yilida bu ko‘rsatkich 10,381 mlntani tashkil qilgan.   

Politico nashri AQShning kirish vizalari miqdori kamayganiga izoh berib, bu holatni AQSh prezidenti Donald Tramp prezidentligi vaqtida immigratsiya siyosatini qat'iylashtirish tendensiyasi bilan bog‘lagan. 

Umuman olganda, AQShga kirish vizalari eng ko‘p miqdorda sobiq prezident Barak Obama vaqtida 2015 yilda berilgan. O‘shanda xorijliklarga 10,9 mlnta kirish vizasi taqdim qilingan.

2017 moliya yilida aholisining aksariyat qismi musulmonlardan iborat bo‘lgan deyarli 50 ta davlatda AQSh kirish vizalarini berish 19 foizga kamayib ketgan. Bu davlatlar qatorida AQShning Yaqin Sharqdagi muhim ittifoqdoshlaridan biri bo‘lgan Saudiya Arabistoni ham bor.

Mavzuga oid