Jahon | 20:19 / 04.04.2018
4411
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQSh qo‘shinlarining Suriyada yana ma'lum muddat qolishiga rozi bo‘ldi – OAV

Foto: 24 Kanal

AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh qo‘shinlarining Suriyada yana biroz muddatga qolishiga rozi bo‘ldi, biroq u hamon qo‘shinlarning u yerda uzoq qolishiga qarshilik bildirmoqda. Bu haqda Oq uy ma'muriyatining yuqori lavozimli vakiliga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi xabar berdi. 

“Biz qo‘shinlarni darhol chiqarmoqchimasmiz, biroq prezident qo‘shinlarni uzoq muddat qoldirmoqchi ham emas”, deb aytgan manba.

Tramp bu qarorni 3 aprelda Oq uy huzuridagi milliy xavfsizlik kengashining yig‘ilishida qabul qilgan. Ta'kidlanishicha, Tramp IShID terrorchilik guruhi yakson qilinganini kafolatlamoqchi hamda mintaqaning boshqa davlatlarini Suriyada barqarorlikni ta'minlashda yordam berishga chaqirmoqchi.   

Oq uy vakillari bu xabarni tasdiqlash haqidagi iltimosga hozircha javob berishmagan. 

Tramp avvalroq AQSh Suriyadan qo‘shinlarni iloji boricha tezroq olib chiqishi kerakligini aytib o‘tgan. Tramp 3 aprelda Latviya, Litva va Estoniya yetakchilari bilan matbuot anjumanda Vashington Suriyada IShIDni deyarli yakson qilganini va AQSh Suriyadan tezda ketish qarorini qabul qilish istagidaligini aytgan.

Shu bilan birga AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi rahbari, general Jozef Votel AQSh qo‘shinlarining Suriyada qolishi terrorchilardan ozod qilingan hududlarda vaziyatni barqarorlashtirish, tinch aholining o‘z uylariga qaytishi va mamlakatni tiklashda talab etilishini aytgan.

Ayni vaqtda Suriyada 2 mingga yaqin amerikalik harbiy bor.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid