11:29 / 04.04.2018
9952

O‘zbekiston va Qozog‘iston qishloq xo‘jaligidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Joriy yilning 30-31 mart kunlari Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga Qozog‘iston milliy agrar universiteti rektori, akademik Yespolov Tlektes Isabayevich boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Mazkur tashrif davomida akademik T.I.Yespolovning institut professor-o‘qituvchilari hamda talaba va magistrantlariga “Qozog‘iston milliy agrar universitetining innovatsion qarashlari“ mavzusidagi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Foto: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi instituti

Unda Qozog‘iston milliy agrar universiteti hamda institut o‘rtasida o‘rnatilgan mustahkam do‘stona aloqalar, hamkorlikda olib borilayotgan ilmiy ishlar, shuningdek, universitetning tarixi, erishgan yutuqlari, ta'lim tizimi, bugungi kundagi ilmiy sohalarda olib borayotgan izlanishlari hamda professor-o‘qituvchilar, shuningdek, talaba va magistrantlarga yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida ma'lumotlar berildi.

Shu bilan birgalikda Qozog‘iston milliy agrar universiteti tarkibida faoliyat yuritayotgan “Suv muammolari tadqiqot markazi” va uning ilmiy faoliyati, tarkibiy tuzilishi hamda amalga oshirayotgan ilmiy izlanishlari to‘g‘risida ma'lumot berildi.

Uchrashuv davomida Qozog‘iston Respublikasining qishloq xo‘jaligi sohasidagi erishgan yutuqlari, sug‘orish va melioratsiya tizimlarida olib borilayotgan ilmiy izlanishlari to‘g‘risida ham ta'kidlab o‘tildi. Har ikki OTM rektorlari kelgusida professor-o‘qituvchilar hamda talaba va magistrantlar o‘rtasida almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda ilmiy sohadagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldilar.

Foto: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi instituti

Delegatsiya tashrifining so‘nggi kunida Qozog‘iston milliy agrar universiteti, Qozog‘iston milliy agrar universiteti tarkibidagi “Suv muammolari tadqiqot markazi”, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Toshkent davlat agrar universiteti o‘rtasida 4 tomonlama o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Foto: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi instituti

Ushbu memorandum kelgusida ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy hamkorlikni amalga oshirishda ko‘prik vazifasini bajaradi. Uchrashuv so‘ngida mehmonlarga institut rahbariyati tomonidan esdalik sovg‘alari berildi.

Foto: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi instituti
Top