12:56 / 04.04.2018
11880

O‘zbekistonda marixuana giyohvandlik moddasi musodarasi oshgan

Foto: Sputnik

2017 yilda O‘zbekistonda narkojinoyatlar soni 2016 yilga nisbatan 18,3 foiz kamayib, 5,4 mingtagacha tushgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazining statistika ma'lumotida keltirib o‘tilgan, deb yozmoqda «Xalq so‘zi».

Bundan oldin ushbu Markaz tomonidan mamlakatda musodara qilingan giyohvandlik moddalari hajmi o‘tgan yilda 2016 yilga nisbatan qariyb 1,8 barobar pasaygani haqida ma'lum qilingandi.

Respublika huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan 2017 yilda narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq 5429 ta jinoyat aniqlangan. 2016 yilda mazkur raqam 6646 taga teng edi.

Fosh etilgan barcha jinoyatlardan 2200 tasi narkotiklar savdosi, 553 tasi kontrabanda, 1100 mingtasi noqonuniy ekish bilan bog‘liq. O‘tgan yilda narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etgani uchun 4800dan ziyod kishi javobgarlikka tortilgan. 

Markaz ma'lumotlariga ko‘ra, musodara qilingan giyohvandlik moddalari ichida geroin sakkiz barobar kamayib,12,4 kg.gacha, opium qariyb 798 kg.gacha, nasha 78,5 kg.gacha tushgan. Marixuana musodarasi esa 3,8 foiz oshib, 916 kg.gacha yetgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi ekspertlarining qayd etishicha, asosiy ko‘rsatkichlarning kamayishi mamlakatlar hududlaridan narkotiklar kontrabandasi uchun foydalanib kelgan bir qator narkoguruhlarning O‘zbekiston va MDHga a'zo boshqa davlatlar huquq-tartibot organlari tomonidan yo‘q qilingani bilan bog‘liq. Shu bilan bir qatorda xalqaro jinoiy guruhlar o‘z “mollari”ni O‘zbekistonni aylanib o‘tib tashish kanallarini vaqtincha faollashtirgani taxmin qilinyapti.  

Eslatib o‘tamiz, 1996 yil hukumat qarori asosida tashkil etilgan Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi Narkotik moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat komissiyasining doimiy ijrochi apparati hisoblanadi.

Top