Jahon | 19:57 / 05.04.2018
9499
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo aloqalari keskinlashmoqda

Foto: AP

Xitoy hukumati Jahon savdo tashkiloti (JST)da AQShning po‘lat va alyuminiydan ishlangan xitoy mahsulotlariga nisbatan bir tomonlama xatti-harakatlaridan norozi ekanini bildirdi. Bu haqida XXR savdo vazirligi ma'lum qildi.

Qo‘shma Shtatlar mamlakatda "Savdo-sotiqni kengaytirish to‘g‘risida"gi qonunning 232-moddasiga muvofiq "milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan kelib chiqib" shunday yo‘l tutgani qayd etilgan. 

"Vashingtonning bunday xatti-harakatlari umumjahon miqyosida qabul qilingan ko‘p tomonlama savdo aloqalarining tolerant tamoyillariga zid keladi, JST qoidalarini jiddiy buzish hisoblanadi, shuningdek AQShning savdo to‘siqlarini kamaytirish bo‘yicha majburiyatlariga rioya qilmayotganidan dalolat beradi. Xitoyning o‘z manfaatlarini teng huquqli himoya qilishdan boshqa chorasi qolmadi", - deyiladi idora rasmiy saytida chop etilgan bayonotda. 

Chorshanba kuni Pekin JSTga AQShning 301-modda (1974 yilgi savdo-sotiq to‘g‘risidagi qonun)ga muvofiq xitoy importiga to‘lovlar kiritishi bo‘yicha tegishli xalqaro tashkilotlarga rasmiy ariza berib, murojaat qilgandi. 

3 aprel kuni Vashington va Pekin o‘rtasidagi savdo aloqalari keskinlashuvining yangi bosqichi qayd etildi. Amerika prezidenti Donald Tramp ma'muriyati qo‘shimcha 25 foizli to‘lovlar kiritiladigan Xitoy mahsulotlari ro‘yxatini e'lon qildi. Bunga javoban XXR davlat kengashi qo‘shimcha 25 foiz to‘lov kiritiladigan 106 turdagi Amerika mahsulotlari ro‘yxatini taqdim etdi. Javob choralarining kuchga kirishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSh tomonidan Xitoyga nisbatan rejalashtirilgan qo‘shimcha to‘lovlarning kiritilishiga bog‘liq.

Savdo-sotiqni kengaytirish to‘g‘risidagi qonunning 232-moddasi AQSh prezidentiga "milliy xavfsizlik manfaatlari yo‘lida" boshqa davlatlarga nisbatan savdo to‘siqlarini o‘rnatish imkonini beradi. 

Mavzuga oid