O‘zbekiston | 15:03 / 06.04.2018
4058
2 daqiqa o‘qiladi

TIVda AQSh Davlat departamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

2018 yilning 6 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Abdujabbor Abduvohidov Toshkent shahrida bo‘lib turgan AQSh Davlat departamenti delegatsiyasi bilan uchrashdi. Davlat kotibining inson huquqlari, demokratiya va mehnat bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Rendi Uilyam Berri ushbu delegatsiyaga boshchilik qilmoqda. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar berdi.

AQSh delegatsiyasi tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida, Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili, Bosh prokuratura, ichki ishlar, bandlik va mehnat munosabatlari, adliya vazirliklari, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va boshqa tashkilotlar vakillari bilan uchrashuv hamda muzokaralar o‘tkazmoqda.

TIVda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida batafsil so‘z yuritildi.

Suhbatda ta'kidlanganidek, mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar inson manfaatlari tamoyiliga asoslangan. Xususan munosib yashash darajasini ta'minlash, aholi bilan ochiq muloqot va murojaatlar bilan ishlashning yangi samarali mexanizmlarini kiritish va yo‘lga qo‘yish, fuqarolarni tashvishga soladigan hayotiy muammolarni o‘z vaqtida hal qilish shular jumlasidandir.

Ta'kidlanganidek, O‘zbekiston keng ko‘lamli islohotlar va ochiqlik siyosati, insonning asosiy huquq va erkinliklariga to‘liq rioya etilishining qat'iy tarafdoridir.

Muzokaralarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-AQSh muloqotini konstruktiv asosda davom ettirishdan tomonlar manfaatdor ekanligi tasdiqlandi.

Uchrashuvda AQSh elchisi Pamela Leora Spratlen ishtirok etdi.

Mavzuga oid