Jahon | 22:41 / 08.04.2018
4439
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya Suriyadagi kimyoviy hujumlar bo‘yicha BMT Xavfsizlik kengashini chaqirishni talab qildi 

Foto:Reuters/Gonzalo Fuentes

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian Suriyaning Sharqiy Gutasida kimyoviy hujum amalga oshirilgani bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarni “o‘ta xavotirli” deb atadi va vaziyatni tezda tekshirish uchun BMT Xavfsizlik kengashini chaqirtirishni talab qildi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi

Le Drian 24 soat ichida Duma shahrida yuzaga kelgan vaziyatni keskin qoralagan va uni “xalqaro gumanitar huquqning misli ko‘rilmagan buzilishi” deb atagan. Uning ta'kidlashicha, Fransiya ittifoqdoshlari bilan kimyoviy hujum haqidagi xabarni tekshirish bo‘yicha ishlaydi.

Le Drian, shuningdek, Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning ogohlantirishini eslatib o‘tgan: Makron agar kimyoviy hujumlar haqidagi xabar tasdiqlansa, Fransiya Suriyaga zarba berishga tayyorligini aytgan.

Suriyada ishlovchi shifokorlar va qutqaruvchilar terrorchilar nazoratida bo‘lgan Sharqiy Gutadagi oxirgi shahar – Dumada 7 aprelda kimyoviy hujum amalga oshirilgan bo‘lishi mumkinligini ma'lum qilishgan. Hujum oqibatida kamida 70 kishi halok bo‘lgani aytilgan. Ta'kidlanishicha, hujum Suriya qurolli kuchlari tomonidan amalga oshirilgan. Biroq rasmiy Damashq kimyoviy hujum haqidagi xabarni uydirma deb atamoqda.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid