Jahon | 08:08 / 08.04.2018
8314
2 daqiqa o‘qiladi

Vashingtonning Suriyadagi siyosati ularning o‘z manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi – Turkiya 

Foto: aa.com

Vashingtonning Yaqin Sharqdagi, jumladan Suriyadagi siyosati AQShning o‘zining manfaatlariga hamda NATO doirasida Turkiya bilan ittifoqning 66 yillik an'analariga to‘g‘ri kelmaydi. Bunday fikrni Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘lu “Zaytun  novdasi” amaliyotining mohiyati” deb nomlangan maqolasida keltirgan. Maqola AQShning Foreign Policy nashrida chop etilgan.

Chovusho‘g‘lu Pentagonning Kurdiston ishchi partiyasining (PKK) Suriyadagi qanoti – “Xalq mudofaasi otryadlari”ni (YPG) qurollantirishi bo‘yicha qadamlariga e'tibor qaratgan. “Vashingtonning Suriyada terrorchilar bilan hamkorlik qilish qarori AQSh dushmanlariga qo‘l keldi”, deb yozgan Chovusho‘g‘lu.  

Uning fikricha, Yaqin Sharqda tinchlikka erishish yo‘li bu yerdagi davlatlarning hududiy yaxlitligiga hurmat orqali yotadi.

Chovusho‘g‘lu IShIDning Suriya va Iroqdagi jangarilariga qarshi kurashning muvaffaqiyatiga e'tibor qaratdi. “Mintaqada IShID tahdidlari ko‘p jihatdan yo‘qoldi va bu AQSh ko‘magida tayyorgarlik o‘tgan qurolli guruhlar tufayli yuz bermadi. IShID ustidan g‘alabaga Iroq qurolli kuchlari va bir qismi Turkiya hisoblanadigan xalqaro koalitsiya tufayli erishildi. Bunda Turkiya NATOning IShID terrorchilari bilan ochiq kurashga kirishgan va Suriya hududining bir qismini jangarilardan ozod qilgan yagona davlati bo‘ldi”, deb yozgan Chovusho‘g‘lu. 

Chovusho‘g‘lu Turkiya Suriyada etnik kurdlar bilan kurashishi haqidagi ta'kidlarni asossiz deb atadi. “PKK/YPG terrorchilarining zo‘ravonligi 400 minggacha mahalliy kurdlarni ona yerlaridan qochishga majbur qildi. Bu PKK otryadlari va uning bo‘linmalari umuman kurdlar manfaatlarini bildirmasligidan darak beradi”, deb ta'kidlab o‘tgan turk vaziri.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid