Jahon | 08:14 / 11.04.2018
7501
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyada turmadan qochishga urinish vaqtida 23 kishi halok bo‘ldi

Foto: ANDRESSA ANHOLETE / AFP

Braziliyaning shimolidagi Para shtatida joylashgan turmadan qochishga urinish vaqtida kamida 23 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Globo telekanali xabar bermoqda.

Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, 22 mahbus va bir nafar turma nazoratchisi halok bo‘lgan. Voqea “Santa-Izabel” turmasida yuz bergan. Shuningdek, bir necha kishi jarohatlangan. 

Ma'lum qilinishicha, mahalliy vaqt bilan soat 13:00da bir guruh qurollangan kishilar turmaga hujum qilgan. Ular qo‘lbola portlovchi qurilmalar yordamida o‘z sheriklarini qamoqdan chiqarib olish uchun turmaning devorlaridan birini portlatishga urinishgan. Nazoratchilar mahbuslar qochishi oldini olish uchun qurol qo‘llashgan. Aniqlanishicha, ba'zi mahbuslarda ham qurol bo‘lgan va ular javob o‘ti ochishgan.  

Ta'kidlanishicha, “Santa-Izabel” turmasi 432 kishi mo‘ljallangan, biroq u yerda kamida 632 mahbus saqlangan.

Braziliya axloq-tuzatish tizimidagi inqirozli vaziyat bir yildan ko‘proq davom etmoqda. Turmalardagi jinoiy guruhlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar oqibatida 2017 yil yanvarda 150ga yaqin mahbus halok bo‘lgandi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda Braziliya turmalarida 676 mingga yaqin mahbus jazo o‘taydi. Bu esa ushbu davlatdagi turmalar imkoniyatlaridan 70 foiz ko‘proqni tashkil qiladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid