O‘zbekiston | 22:22 / 17.04.2018
15889
2 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish davri qisqaradi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi oldiga 2021 yilgacha interaktiv davlat xizmatlarining yagona portaliga kelib tushayotgan murojaatlarni ko‘rib chiqish davrini qisqartirish vazifasi qo‘yildi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri Azim Ahmadxo‘jayev vazirlik saytiga joylashtirilgan intervyuda shu haqida ma'lum qildi. 


"Bugun iste'molchi yagona darchaga kelib, besh bosqichdan o‘tishiga to‘g‘ri kelmoqda. Har bir qadamda inson omili bor va berilgan so‘rovnomaga javob olish tezligi ularning sa'y-harakatlariga bog‘liq. 

Bizning oldimizga 2021 yilga qadar mazkur davrni qisqartirish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rish va ularni maksimal darajada raqamli formatga keltirish vazifasi qo‘yildi. Agar bugun iste'molchi davlat xizmatlari markaziga kelib, operatorga so‘rovni taqdim etsa, u o‘z o‘rnida so‘rovni davlat idoralaridagi boshqa operatorlarga yetkazsa, ular zarurat tug‘ilgan taqdirda arxivga so‘rov berishsa - bularning bari juda ko‘p vaqt oladi. 

Shu yilning oxirigacha qog‘oz hujjatlar - arxiv va ma'lumotlar bazasini raqamli formatga o‘tkazmoqchimiz. Shu tariqa so‘rov davrini bir necha baravarga qisqartiramiz, chunki bunda biryo‘la ikki bosqich qisqaradi. Iste'molchi faqat bir kishi - operator bilan muloqot qiladi. U esa axborot bazalariga murojaat qilib, elektron formatdagi ma'lumotlar bilan ishlaydi. Keyingi yilning o‘zidayoq shunday ko‘rsatkichga erishishni rejalashtiryapmiz", - dedi Azim Ahmadxo‘jayev. 

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yildan keyin inson omili umuman bo‘lmaydi - yagona qadam bo‘ladi, xolos.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid