Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Qishloq xo‘jaligida kooperatsiya to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamada. Qanday o‘zgarishlar bor?
Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida «Qishloq xo‘jaligida kooperatsiya to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi muhokama qilinmoqda, deb yozyapti Norma.
Qonun loyihasiga tushuntirish xatida qayd etilishicha, bugungi kunga kelib qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasi sohasida normativ-huquqiy baza shakllantirilgan. Bular, xususan, «Kooperatsiya to‘g‘risida», «Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) to‘g‘risida»gi Qonunlar va boshqa hujjatlardir.
Biroq kooperatsiya masalalarini tartibga soluvchi normalar turli qonun hujjatlarida belgilanganligi ularni amaliyotda qo‘llashda muayyan qiyinchiliklar tug‘diradi. Bu sohadagi barcha normalarni yagona normativ-huquqiy hujjatga birlashtirish zarurati yuzaga keladi. Shu sababli ham «Qishloq xo‘jaligida kooperatsiya to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi. Uning eng muhim prinsipial yangi jihatlarini ko‘rib chiqamiz.
Hujjatda qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tashkil etish tartibi, ularning turlari, ular faoliyatining huquqiy va iqtisodiy asoslari, kooperativga a'zo bo‘lish hamda pay badallarini kiritish shartlari va boshqalar belgilangan. Qishloq xo‘jaligi kooperativi qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari: fermer, dehqon xo‘jaliklari va shaxsiy tomorqa xo‘jaliklari egalari tomonidan ixtiyoriy ravishda tashkil etilgan tijorat tashkiloti shaklida bo‘ladi.
Tashkil etishdan maqsad – kooperativ a'zolarining moddiy va boshqa ehtiyojlarini qondirish uchun birgalikda ishlab chiqarish faoliyatini yuritish. Majburiy sharti – ularning mulkiy pay badallarini birlashtirish va kooperativ faoliyatida shaxsan ishtirok etish.
Kooperativ ikki turda bo‘lishi mumkin: ishlab chiqarish yoki iste'mol.
Ishlab chiqarish kooperativi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, sotish va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlarini amalga oshiradi. Kooperativ a'zolari soni 5 tadan kam bo‘lmasligi lozim. Unga yuridik shaxslar – qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar, shuningdek 16 yoshga to‘lgan, uning faoliyatida shaxsan ishtirok etuvchi jismoniy shaxslar a'zo bo‘lishlari mumkin.
Iste'mol kooperativlari quyidagilarga bo‘linadi: qayta ishlash, savdo, xizmat ko‘rsatish, ta'minot, bog‘dorchilik, chorvachilik, sug‘urta, kredit va b. Tarkibiga kamida 2 ta yuridik yoki kamida 5 ta jismoniy shaxs kirganda tashkil etiladi. Quyidagilar bunday kooperativ a'zolari bo‘lishi mumkin: qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari; shaxsiy tomorqa xo‘jaligini yurituvchi fuqarolar; qishloq xo‘jaligi korxonalari va (yoki) jismoniy shaxslar – fermer xo‘jaliklari a'zolari; bog‘dorchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar.
Kooperativlar o‘zaro yoki qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchi boshqa yuridik shaxslar bilan birgalikda birlashma (uyushma) tashkil etishlari mumkin.
Kooperativni tashkil etish tartibi
Kooperativ tashkil etmoqchi bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar avval tashkiliy qo‘mitani shakllantirib, unga quyidagi majburiyatlarni yuklashlari kerak bo‘ladi:
• pay fondini shakllantirish manbalari va uning miqdori ko‘rsatilgan kooperativning ishlab chiqarish-iqtisodiy faoliyati loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanmasini tayyorlash;
• ustav loyihasini ishlab chiqish;
• kooperativga a'zo bo‘lish to‘g‘risidagi arizalarni qabul qilish;
• uning boshqaruv organlari saylanadigan kooperativ a'zolari umumiy tashkiliy yig‘ilishini o‘tkazish.
Kooperativ davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim. Kooperativning pay fondi va majburiy pay badali miqdori a'zolar yig‘ilishida belgilanadi. Pay badali pul mablag‘lari, mol-mulk, shu jumladan yer uchastkasi, mulk huquqi va h.k. ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.
Kooperativ o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun xodimlarni yollash huquqiga ega bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Kooperativ a'zolari ish bilan ta'minlanishda ustun huquqqa ega bo‘ladilar. Ularga ish berishning imkoni bo‘lmaganda kooperativdagi a'zoliklarini saqlab qolgan holda boshqa joylarda vaqtincha ishlashlari mumkin.
Kooperativ a'zolari uchun – o‘zaro moliyaviy yordam
Kooperativ a'zolariga pulda qarz berish uchun o‘zaro moliyaviy yordam fondini tashkil etgan holda kredit kooperativi (iste'mol kooperativi turlaridan biri) barpo etilishi mumkin. Fond kredit kooperativining shaxsiy mablag‘lari, a'zolarining jalb etilgan mablag‘lari, shuningdek kredit tashkilotlari va boshqa tashkilotlar kreditlari hisobidan shakllantiriladi. Fond mablag‘laridan foydalanish tartibi kooperativ ustavi, shuningdek a'zolarning umumiy yig‘ilishi qarori bilan belgilanadi.
Kreditlar foizli yoki foizsiz bo‘ladi. Foizsiz kreditlar yig‘ilish tomonidan tasdiqlangan nizom asosida beriladi. Faqat kooperativ a'zolari uchun, ularni boshqa begona shaxslarga ajratishni taqiqlagan holda, pulda qarz berish rejalashtirilmoqda.
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Mavzuga oid
09:41 / 19.05.2026
O‘zbekistonliklar AQShda 10 oygacha qishloq xo‘jaligida ishlashi mumkin
18:56 / 18.05.2026
Chorva mollari va asalarilar QQSning nol stavkasi qo‘llanadigan ro‘yxatga kiritildi
20:29 / 03.05.2026
O‘zbekistonliklar AQShda qishloq xo‘jaligi sohasida ishlashga yuboriladi
17:06 / 21.04.2026