Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston MDH Havo hujumidan mudofaa armiyasiga samarali aloqa vositalarini yetkazib beradi
17 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a'zo mamlakatlarning Mudofaa vazirlari kengashi huzuridagi Havo hujumidan mudofaa masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi Qo‘mitaning 48-majlisi bo‘lib o‘tdi.
Mudofaa vazirligining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov o‘z nutqida mazkur majlis kelgusida havo hujumi va harbiy-kosmik hujumidan mudofaa qo‘shinlari rahbarlari o‘rtasida konstruktiv muloqot va o‘zaro hamfikrlikka olib kelishiga bo‘lishiga ishonch bildirib o‘tgan.
Shundan keyin Qo‘mita ishiga MDHga a'zo mamlakatlarning Mudofaa vazirlari kengashi huzuridagi Havo hujumidan mudofaa masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi Qo‘mita raisi o‘rinbosari general-leytenant Pavel Kurachenko raislik qildi.
Unda Armaniston Respublikasi, Belorus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasining Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari qo‘mondonliklari, MDH Ijroiya qo‘mitasi va MDHga a'zo-davlatlar mudofaa vazirlari kengashi kotibiyati vakillari, Havo hujumidan mudofaa muammoli masalalari bazaviy tadqiqotlari davlat tashkilotlari rahbarlari, Rossiya Federatsiyasi mudofaa sanoat kompleksi korxonalari va Rossiya Federatsiyasining harbiy-texnik hamkorlik federal xizmati vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasidan Mudofaa vazirining o‘rinbosari – Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondoni general-mayor Axmad Burxanov vakillik qildi.
Majlisda birlashgan HHM sohasi tizimini takomillashtirish va rivojlantirishga oid 11 ta masala hamda ishtirokchi MDH davlatlari o‘rtasida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama harbiy hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, Muvofiqlashtiruvchi qo‘mita va uning ishchi organlarining 2017 yildagi faoliyati natijalari tahlil qilindi. MDH ishtirokchi davlatlarning HHM tizimining hamkorlikdagi “Hududiy xavfsizlik - 2018” birlashgan kompyuter qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari borasidagi fikri o‘rganilib, radiolokatsion tanib olishning yagona davlatlararo tizimini rivojlantirish konsepsiyasini tatbiq etish loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.
“Jangovar hamdo‘stlik” nomli hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlari borasida ishtirokchi davlatlar harbiy xizmatchilarining Do‘stlik uylari haqidagi Nizomi tasdiqlandi. 2017 yildagi Muvofiqlashtiruvchi qo‘mitaning moliyaviy va xo‘jalik faoliyati taftishi masalalari bilan bog‘liq moliyaviy, shuningdek, MDH ishtirokchi davlatlarning havo hujumiga qarshi birlashgan tizimini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Birlashgan yagona HHM tizimini barpo etish doirasida Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston respublikalari HHM texnikasi uchun ehtiyot qismlar va uskunalarni hamda O‘zbekiston Respublikasi HHM qo‘shini va HHK qo‘mondonlik punktlariga samarali aloqa vositalarini yetkazib berish haqidagi kelishuvlarni imzolashga alohida e'tibor qaratildi.
Yig‘ilishda 2018 yilning avgust oyida Minsk (Belarus Respublikasi)da MDH ishtirokchi davlatlar HHM tizimining hamkorlikdagi “Hududiy xavfsizlik - 2018” birlashgan kompyuter qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilishi ma'lum qilindi. Ushbu tadbir davomida Sharqiy Yevropa kollektiv xavfsizlik hududiga kiruvchi Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasida HHMning yagona hududiy tizimi qo‘shinlarini qo‘llash masalalari ishlab chiqiladi. Shuningdek, shu yilda o‘zlarining doimiy joylashgan joylarida ishtirokchi MDH davlatlari HHM birlashgan yagona tizimi bo‘yicha boshqaruv organlari va navbatchilari bilan mashg‘ulot hamda MDH davlatlari HHM bo‘yicha navbatchilari aniq nishonlar parvozi bo‘yicha nazorat tekshiruvidan o‘tkaziladi.
18 aprel kuni majlis qatnashchilari Toshkent viloyatidagi harbiy qismlarning birida o‘quv-uslubiy yig‘in mashg‘ulotida ishtirok etadi.
Ma'lumot o‘rnida, MDHga a'zo davlatlarning birlashgan HHM (MDH HHM BT) tizimi hamdo‘stlikka a'zo o‘nta davlat tomonidan 1995 yilning 10 fevralida Olmaota shahrida imzolangan bitim asosida tashkil etilgan.
Bitimning amalda bo‘lish muddati chegaralanmagan, u MDHga a'zo davlatlarning havo bo‘shlig‘ini muhofaza qilish Kontseptsiyasi qoidalari hamda Birlashgan HHM tizimi kuch va vositalarining o‘zaro hamkorlikdagi harakatlar Rejasiga rozi bo‘lgan boshqa davlatlar qo‘shilishi uchun ochiq.
Hozirda MDHga a'zo davlatlarning birlashgan HHM tizimi tarkibiga Rossiya Federatsiyasi, Armaniston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi kiradi.
1995 yildan boshlab MDH HHM BT kuchlarining «Jangovar hamdo‘stlik» («Boyevoye sodrujyestvo») qo‘shma mashqlari, shuningdek, MDHga a'zo davlatlar birlashgan HHM tizimining boshqaruv organlari va havo hujumidan mudofaa kuchlari bo‘yicha navbatchilari bilan qo‘mondonlik-shtab mashg‘ulotlari o‘tkazib kelinmoqda. Shu davrgacha 25 ta qo‘mondonlik-shtab mashg‘uloti va jangovar o‘q otish bilan 10 dan ziyod hamkorlikdagi mashqlar o‘tkazilib, ularda MDHga a'zo davlatlar Harbiy havo kuchlarining havo hujumidan mudofaa bo‘yicha navbatchiligi sinovdan o‘tkazildi.
“Jangovar hamdo‘stlik - 2017” deb nomlangan MDHga a'zo davlatlarning birlashgan HHM tizimi hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlari 2017 yilning sentabrida Rossiya Federatsiyasi Astraxan viloyatining Ashuluk poligonida o‘tkazilgan.
Mavzuga oid
12:18 / 23.05.2026
O‘zbekiston va Qatar harbiy hamkorlik bo‘yicha memorandum imzoladi
20:16 / 12.05.2026
Mudofaa vazirligida tayinlovlar amalga oshirildi
13:33 / 12.03.2026
Moldova hukumati mamlakatning MDHdan chiqishini ma’qulladi
18:16 / 21.01.2026