19:14 / 18.04.2018
5455

Videokonferentsaloqa tizimi ishga tushgandan buyon nechta sud majlisi bu tizim orqali ko‘rib chiqildi? 

Foto: iStock

Ma'lumki, sud majlisi ishtirokchilariga qulayliklar yaratish maqsadida 2014 yil 1 sentabrdan iqtisodiy sudlarda sud majlislarini videokonferentsaloqa rejimi orqali o‘tkazish amaliyotining yo‘lga qo‘yilgani ijobiy samarasini berib kelmoqda.

Videokonferentsaloqa rejimini jinoyat, ma'muriy va fuqarolik ishlarini ko‘rishda ham qo‘llashni yo‘lga qo‘yish maqsadida 2017 yil 24 iyunda Oliy sud Plenumining "Fuqarolik, jinoyat va ma'muriy ishlarni ko‘rishda sud majlislarini videokonferentsaloqa rejimida o‘tkazishning ayrim masalalari to‘g‘risida" qarori qabul qilindi.

Prezidentimizning 2017 yil 30 avgustdagi "Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ham barcha sudlar faoliyatiga videokonferensiya rejimida ishlarni ko‘rish tizimini tatbiq etishga alohida e'tibor qaratilgan.

Sud majlislarini videokonferentsaloqa tizimi orqali o‘tkazish - boshqa hududda joylashgan sud ishtirokchilari shu sudga kelmasdan o‘zlari yashaydigan joydagi sudning binosida videokonferentsaloqa tizimi orqali sud majlisida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishi bilan ahamiyatlidir.

Hozirda jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlarda sud majlislarini videokonferentsaloqa tizimi orqali o‘tkazish imkoniyatini beruvchi barcha zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari o‘rnatilgan. 

Sohadagi bu yangilik sud protsessi ishtirokchilariga katta qulaylik yaratdi. 

Bugungi kunda boshqa viloyatdagi sud majlisiga borish, buning uchun sarf-xarajat qilish, ortiqcha vaqt yo‘qotish kabi tashvishlar deyarli barham topdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda videokonferentsaloqa tizimi ishga tushgan kundan buyon jami 55 ta sud majlisi ushbu tizim orqali ko‘rib chiqildi. 249 nafar sud ishtirokchilari o‘zlari joylashgan hududlardan chiqmagan holda videokonferentsaloqa orqali sud protsesslarida qatnashdi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati.

Jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining 
2017 yil 21 apreldagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va 244-2 moddasi (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblanib Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangan K.Hamidovning himoyachisi  X.Shomurodova mahkumga nisbatan og‘ir jazo tayinlangani, sudlanganning yashash joyidagi mahalla fuqarolar yig‘ini faollari ham unga tayinlangan jazoni yengillashtirish masalasida iltimosnomalar berganligi to‘g‘risida Oliy sudga nazorat tartibida shikoyat bilan murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, himoyachi X. Shomurodova Samarqand viloyatida ishlashi, 1960 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, o‘rta ma'lumotli, 6 nafar farzandning otasi bo‘lmish mahkum K. Hamidov Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashagani, ayni paytda Navoiy viloyatida jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tayotganligi aniqlanib,  ishni ko‘rishda ishtirok etuvchilarni Toshkent shahriga kelishi, mahkumni etap qilish va boshqa ishtirokchilarning yo‘l xarajatlarini qisqartirish maqsadida Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati tomonidan K. Hamidovga oid jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand hamda Navoiy viloyatlari sudi binolarida sud ishtirokchilarining uch tomonlama videokonferentsaloqa rejimida ko‘rib chiqilishi belgilandi. 

Sud majlisida jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi binosida himoyachi X. Shomurodova, K. Hamidovning oila a'zolari hamda Urgut tumani “O‘ramas” QFY “Quyi-Algar” mahallasi faollari, Navoiy viloyati sudi binosida jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkum K. Hamidov ishtirok etdi.

Videokonferentsaloqa tizimi orqali sud majlisida K. Hamidov aybiga to‘liq iqrorligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, 2-guruh nogironi ekanligi, muqaddam sudlanmaganligi, jinoyatdagi ishtirokchilik darajasi, oilaviy ahvoli, olti nafar farzandlari borligi sababli yengillik so‘radi.

Shuningdek, u yashaydigan Urgut tumani “Quyi-Algar” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va boshqa faollari K. Hamidov tuzalish yo‘liga o‘tgani, K. Hamidovning yoshini, oilaviy ahvolini, birinchi marta sudlanishini e'tiborga olib, unga tayinlangan jazoni yengillashtirishni so‘radi.

Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati jazoni yengillashtiruvchi holatlarni e'tiborga olib, K. Hamidovga nisbatan chiqarilgan sud hukmini o‘zgartirib, unga tayinlangan 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini Jinoyat kodeksining 57-moddasini (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llagan holda 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga kamaytirdi.

Mavzuga oid
Top