O‘zbekiston | 17:43 / 19.04.2018
11200
5 daqiqa o‘qiladi

Bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirishda asosiy e'tibor nimalarga qaratiladi?

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzolagandi. Hujjatda talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste'mol qilish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlik uchun bojxona organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganligi va tergov olib borilayotganligi aytilgan.

Davlat bojxona qo‘mitasida uchta yangi boshqarma tashkil etildi:

a) Bojxona ma'muriyatchiligining ilg‘or va innovatsion usullarini joriy etish boshqarmasi;
b) Xavflarni monitoring qilish va baholash boshqarmasi;
v) Tashqi savdo operatsiyalari va bojxona statistikasi monitoringi boshqarmasi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi 2018 yil 1 sentabrga qadar bo‘lgan muddatda tovarlarning bojxona nazoratini tanlov asosida o‘tkazishni nazarda tutuvchi xavfni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi ishlab chiqilishi va joriy etilishini ta'minlaydi. 

“Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti” va “Toshkent-tovar” bojxona postlarida bojxona tartib-taomillari maksimal darajada soddalashtiriladi, bojxona to‘lovlarining to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishi ta'minlanadi, tovarlarning noqonuniy importi va kontrabandani aniqlashga qaratilgan bojxona ma'muriyatchiligining zamonaviy uslublarini qo‘llash bo‘yicha dastlabki loyihalarni amalga oshirish ishlari tezlashtiriladi hamda ijobiy tajriba boshqa bojxona postlarida qo‘llaniladi. 

Bundan tashqari, hujjat bilan 26 yanvar O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati xodimlarining kuni etib belgilandi

Hujjatda qayd etilishicha 2018 yil 1 noyabrga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqiladi. 

Shuningdek, 1 iyuldan O‘zbekistonda bojxona rasmiylashtiruvining yangi tartibi joriy etiladi. Unga muvofiq:

tovarlarni bojxona rejimlariga joylashtirishda, shuningdek, xorijiy avtotashuvchilarning O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab harakatlanish marshrutlarini o‘zgartirishga bojxona organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar bekor qilinadi; 

bir tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida aynan bir xil tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi (jismoniy xususiyati, sifati, ishlab chiqaruvchisi, tashqi iqtisodiy faoliyatning tovar nomenklatura kodi bo‘yicha) davriy deklaratsiyalarni taqdim etish orqali amalga oshiriladi;

aynan bir xil tovarlarga bir tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida karantin ruxsatnomalar, o‘simlik va hayvonot dunyosi obektlarini, ozon yemiruvchi moddalar va ulardan tashkil topgan mahsulotlarni olib kirish hamda olib chiqish uchun ruxsatnomalar, muvofiqlik sertifikati, veterinar, gigiyenik va ekologik sertifikatlar bir kalendar yilidan oshmagan muddatga bir marotaba taqdim etiladi; 

boj olinmaydigan savdo do‘koni, erkin ombor va bojxona ombori faoliyatini litsenziyalash markazlashtirilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi markaziy apparati tomonidan amalga oshiriladi; 

tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bojxona brokerlariga murojaat qilmasdan bojxona yuk deklaratsiyalarini Internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida to‘ldirish va bojxona organlariga taqdim etish huquqiga ega; 

import tovarlari amalda O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga yetib kelishidan oldin, jumladan, tovarlarni bevosita chegara o‘tkazish punktlarida erkin muomalaga chiqarish orqali insofli tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini rag‘batlantirish maqsadida ushbu tovarlarni dastlabki deklaratsiyalash amaliyoti joriy etiladi; 

bojxona organlari soliq organlari va Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti organlari bilan birgalikda ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan davlat korxonalari va tashkilotlari tomonidan import qilinayotgan tovarlarning narxini oshirib ko‘rsatish holatlari bo‘yicha muntazam ravishda monitoring o‘tkazadi;

bojxona omborlarida uch yildan ortiq saqlanib kelinayotgan mol-mulklar bojxona organlari tomonidan ushlab qolinadi va ular uch oy davomida talab qilib olinmagan hollarda sud qarori asosida davlat foydasiga undiriladi, keyinchalik belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan sotiladi yoki yo‘q qilinadi; 

bojxona organlari tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarning to‘g‘riligi va ularning tashqi savdo faoliyati qonuniyligini tekshirish maqsadida tovarlar va transport vositalari erkin muomalaga chiqarilgandan so‘ng ularning bojxona nazoratini amalga oshiradi; 

bojxona organlari tomonidan yetakchi xalqaro tashkilotlar uslubiyoti asosida muntazam ravishda tovarlar bojxona rasmiylashtiruvining o‘rtacha vaqti tizimli o‘rganib boriladi, ularning natijalari e'lon qilinadi, shuningdek, ushbu sohadagi ko‘rsatkichlarni izchil yaxshilash bo‘yicha ta'sirchan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid