O‘zbekiston | 09:23 / 13.04.2018
7010
2 daqiqa o‘qiladi

Bojxona kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqiladi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan. 

Hujjatda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, Tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2018 yil 1 noyabrga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini quyidagilarga alohida e'tibor qaratgan holda ishlab chiqadi: 

bojxona qonunchiligini liberallashtirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va shaffofligini ta'minlash, normalarni qabul qilishda barcha uchun tushunarli va turlicha talqin qilish imkoniyatini istisno etishga; 

tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan bojxona qonunchiligiga rioya etilishining rag‘batlantirish mexanizmini yaratishga; 

O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari normalari, umume'tirof etilgan xalqaro huquq tamoyillarini, xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari va standartlarini implementatsiya qilishga; 

bojxona ma'muriyatchiligi sohasida rivojlangan mamlakatlar tajribasi, shu jumladan tariflarni tartibga solish va bojxona nazoratini tashkil etishga. 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda: 

bojxona organlari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini; 

qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni kiritadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid