Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyev bojxona xizmati faoliyatiga oid yangi farmonni imzoladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.
Hujjatda talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste'mol qilish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlik uchun bojxona organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganligi va tergov olib borilayotganligi aytiladi.
Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlarini isloh qilishning muhim yo‘nalishlari hisoblanadi:
birinchidan, bojxona organlarining barcha darajadagi tuzilmalari vazifa va funksiyalarini aniq belgilash hamda taqsimlash, shuningdek, bojxona organlari markaziy va hududiy mahkamalarining samarali faoliyat ko‘rsatishini tashkil qilishda sohaviy tuzilmalarning muvofiqlashtiruvchi roli va uslubiy ko‘magini kuchaytirish;
ikkinchidan, bojxona organlari tizimida korrupsiya ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish, xalqning ishonchini mustahkamlash va davlat bojxona xizmati obro‘sini oshirish, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish;
uchinchidan, Oliy harbiy bojxona instituti faoliyatini, yuqori professional ko‘nikmaga, ma'naviy-axloqiy sifatlarga va Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usiga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash, tanlash hamda joy-joyiga qo‘yish tizimini tubdan takomillashtirish;
to‘rtinchidan, tovarlarni noqonuniy olib kirishning asosiy shakllari va uslublari hamda bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash sxemalari haqidagi ma'lumotlarni aniqlash, o‘rganish va umumlashtirish orqali bojxona to‘lovlarining o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishini ta'minlash, byudjyetning daromad qismini oshirish;
beshinchidan, “yalpi” bojxona nazoratini o‘tkazishdan har tomonlama tahlil asosida bojxona nazorati obektlarini aniqlash, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun ma'muriy to‘siqlarni kamaytirish imkonini beruvchi xavfni boshqarish tizimiga o‘tish;
oltinchidan, bojxona nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllari, uslublari va texnik vositalarini tatbiq etish hisobiga Davlat chegara o‘tkazish punktlarida bojxona tartib-taomillarini amalga oshirishning davomiyligini qisqartirish;
yettinchidan, bojxona organlari barcha tarkibiy tuzilmalarining faoliyati va idoralararo axborot almashinuvi samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;
sakkizinchidan, xorijiy davlatlarning bojxona organlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, bojxona ishi sohasida ilg‘or tajribani, xalqaro norma va standartlarni tizimli o‘rganish va joriy qilish.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlandi:
bojxona organlarining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha institutsional o‘zgarishlar, ularning vazifa va funksiyalarini optimallashtirish;
bojxona organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash;
bojxona nazorati samaradorligini oshirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
samarali idoralararo hamkorlikni ta'minlash;
kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, bojxona organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish.
Vazirlik va idoralar, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi rahbarlari Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar ekanligi belgilandi.
2018 yil 1 iyuldan boshlab shunday tartib belgilanadiki, unga muvofiq:
tovarlarni bojxona rejimlariga joylashtirishda, shuningdek, xorijiy avtotashuvchilarning O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab harakatlanish marshrutlarini o‘zgartirishga bojxona organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar bekor qilinadi;
bir tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida aynan bir xil tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi (jismoniy xususiyati, sifati, ishlab chiqaruvchisi, tashqi iqtisodiy faoliyatning tovar nomenklatura kodi bo‘yicha) davriy deklaratsiyalarni taqdim etish orqali amalga oshiriladi;
aynan bir xil tovarlarga bir tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida karantin ruxsatnomalar, o‘simlik va hayvonot dunyosi obektlarini, ozon yemiruvchi moddalar va ulardan tashkil topgan mahsulotlarni olib kirish hamda olib chiqish uchun ruxsatnomalar, muvofiqlik sertifikati, veterinar, gigiyenik va ekologik sertifikatlar bir kalendar yilidan oshmagan muddatga bir marotaba taqdim etiladi;
boj olinmaydigan savdo do‘koni, erkin ombor va bojxona ombori faoliyatini litsenziyalash markazlashtirilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi markaziy apparati tomonidan amalga oshiriladi;
tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bojxona brokerlariga murojaat qilmasdan bojxona yuk deklaratsiyalarini Internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida to‘ldirish va bojxona organlariga taqdim etish huquqiga ega;
import tovarlari amalda O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga yetib kelishidan oldin, jumladan, tovarlarni bevosita chegara o‘tkazish punktlarida erkin muomalaga chiqarish orqali insofli tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini rag‘batlantirish maqsadida ushbu tovarlarni dastlabki deklaratsiyalash amaliyoti joriy etiladi;
bojxona organlari soliq organlari va Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti organlari bilan birgalikda ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan davlat korxonalari va tashkilotlari tomonidan import qilinayotgan tovarlarning narxini oshirib ko‘rsatish holatlari bo‘yicha muntazam ravishda monitoring o‘tkazadi;
bojxona omborlarida uch yildan ortiq saqlanib kelinayotgan mol-mulklar bojxona organlari tomonidan ushlab qolinadi va ular uch oy davomida talab qilib olinmagan hollarda sud qarori asosida davlat foydasiga undiriladi, keyinchalik belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan sotiladi yoki yo‘q qilinadi;
bojxona organlari tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarning to‘g‘riligi va ularning tashqi savdo faoliyati qonuniyligini tekshirish maqsadida tovarlar va transport vositalari erkin muomalaga chiqarilgandan so‘ng ularning bojxona nazoratini amalga oshiradi;
bojxona organlari tomonidan yetakchi xalqaro tashkilotlar uslubiyoti asosida muntazam ravishda tovarlar bojxona rasmiylashtiruvining o‘rtacha vaqti tizimli o‘rganib boriladi, ularning natijalari e'lon qilinadi, shuningdek, ushbu sohadagi ko‘rsatkichlarni izchil yaxshilash bo‘yicha ta'sirchan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
21:11 / 30.05.2026
Farg‘onada 1 mlrd 247 mln so‘mlik dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
08:34 / 22.05.2026
Qayta ishlangan mahsulotlarga bojxona imtiyozlari qo‘llanadi
18:32 / 15.05.2026
O‘zbekiston va Afg‘oniston bojxonachilari chegara postlaridagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi
12:01 / 01.05.2026