60 yoshli janubiy koreyalik marafonchi-yozuvchi Toshkentda bo‘ldi
Toshkentda janubiy koreyalik marafonchi Kan Myun Guni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Uning 16 mamlakatdan o‘tuvchi 16 ming kilometrlik marafoni tinchlikni mustahkamlash, Koreya yarim orolini birlashtirish va sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga bag‘ishlangan.
Toshkentliklar marafonning Toshkentdan o‘tgan qismi - "Grand Mir" mehmonxonasidan "Seul" parkigacha bo‘lgan masofani sayyoh bilan birga bosib o‘tishdi.
Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon U sayyohni kutib olib, uning tashabbusini qo‘llab-quvvatladi va bu mamlakatlar o‘rtasida do‘stona aloqalarning mustahkamlanishi yo‘lida xizmat qilishini ta'kidladi. "Xanbok" milliy kiyimlaridagi tadbir ishtirokchilari qadimiy "Ariran" xalq qo‘shig‘ini va "Kangansulle" raqsini ijro etishdi.
Shundan so‘ng Koreya Respublikasi Ta'lim markazida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Kan Myun Guning aytishicha, bugunga kelib u 13 mamlakatni ortda qoldirgan bo‘lib, Gaaga, Berlin, Praga, Vena, Budapesht, Belgrad, Istanbul, Tehron, Baku, Ashxobod shaharlarini bosib o‘tgan. O‘zbekistonga 11 aprelda kelgan va yurtimizning Buxoro, Samarqand, Navoiy, Chinoz, Yangiyo‘l va Toshkent shaharlarida bo‘lgan.
Sayyohning so‘zlariga ko‘ra, bu uning O‘zbekistonga birinchi tashrifi va u mahalliy xalqning ochiqko‘ngilligidan katta taassurot olgan.
"Meni hamma yerda tabassum va xursandchilik bilan qarshi olishdi: men bu yerda yaqinlar orasida o‘zimni to‘liq xavfsiz his qildim. O‘zbekistonga maftun bo‘ldim, bu yerga yana qaytib, yangi kitobimda mehmondo‘st mamlakatdagi taassurotlarim haqida yozmoqchiman", - dedi koreyalik mehmon.
Shuningdek u 60 yoshda bo‘lishiga qaramay, piyoda sayohat unga oson kechayotganini ma'lum qilgan. U kuniga 50 km masofani bosib o‘tadi va do‘stona qo‘llab-quvvatlashlar tufayli charchaganini deyarli his qilmagan.
Janubiy koreyalik sayyoh o‘tgan yilning sentabrida boshlangan piyoda sayohatini Toshkent shahridagi "Seul" parkidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, KXDR tomon harakatlanib, davom ettiradi. U o‘z sayohatini joriy yilning sentabrida tugallashni rejalashtirmoqda.
Mavzuga oid
21:13 / 04.11.2024
Janubiy Koreyada «yolg‘izlik epidemiyasi»: odamlar tashqi dunyodan uzilib, yaqinlaridan uzoqda vafot etmoqda
09:50 / 01.11.2024
AQSh Janubiy Koreyani yadro quroli bilan himoya qilishga tayyor
17:10 / 26.10.2024
Inson matonati – 61 yoshida supermarafonda g‘olib chiqqan avstraliyalik cho‘pon
23:41 / 25.10.2024